99-modda. So‘roq qilinuvchining qaysi tilda ko‘rsatuv bera olishini aniqlash So‘roq qilinuvchi ish yuritilayotgan tilni biladimi, u qaysi tilda ko‘rsatuv bera olishi mumkin, degan savollar tug‘ilib qolsa, bu masala aniqlanishi lozim. Ushbu Kodeksning 71-moddasida nazarda tutilgan hollarda tarjimon chaqiriladi va u kelguncha so‘roq qilish to‘xtatib turiladi.
100-modda. Huquq va majburiyatlarni tushuntirish So‘roq qilinuvchining shaxsi aniqlangandan keyin unga ushbu Kodeksda nazarda tutilgan huquq va majburiyatlari tushuntiriladi. Bu huquq va majburiyatlar tushuntirilganligi so‘roq bayonnomasi yoki sud majlisi bayonnomasida qayd etiladi.
101-modda. Ishning holatlari to‘g‘risida erkin so‘zlab berish So‘roq qilinuvchiga ishning unga ma’lum bo‘lgan holatlari to‘g‘risida so‘zlab berish taklif qilinmog‘i lozim. So‘roq qilinuvchi erkin so‘zlab berganidan keyin uning ko‘rsatuvlarini to‘ldirish va aniqlashga qaratilgan savollar berilishi mumkin.
102-modda. Ishora qiluvchi savollar berishga yo‘l qo‘yilmasligi Kutilayotgan javobga bevosita yoki bilvosita yo‘naltirish mazmunidagi savollar ishora qiluvchi savollar deb hisoblanadi. Ishora qiluvchi savollar berish taqiqlanadi.
103-modda. So‘roq qilinuvchining hujjatlar va boshqa yozuvlardan foydalanishi So‘roq qilinuvchining ko‘rsatuvlari raqamlar yoki xotirada saqlanishi qiyin boshqa ma’lumotlarga taalluqli bo‘lsa, u so‘roq jarayonida o‘zidagi yoki ishga qo‘shib qo‘yilgan hujjatlardan yoxud boshqa yozuvlardan foydalanishi mumkin.
So‘roq qilinuvchiga so‘roq qilish jarayonida o‘zidagi hujjatlar va boshqa yozuvlarni o‘qib eshittirishga ruxsat etilishi mumkin.
Surishtiruvchi, tergovchi va sud so‘roq qilinuvchidan so‘roq qilish jarayonida u foydalanayotgan hujjatlar va boshqa yozuvlarni talab qilishi, ularni keyin qaytarib berishi yoki ishga qo‘shib qo‘yishi mumkin.
104-modda. So‘roq qilinuvchining ilgarigi so‘roqlarda bergan ko‘rsatuvlarini o‘qib eshittirish So‘roq qilinuvchining ilgarigi so‘roqda bergan ko‘rsatuvlari faqat uning hozirgi so‘roqda bergan ko‘rsatuvlari tinglanib, qayd qilinib, u imzo chekkanidan keyin va quyidagi hollarda o‘qib eshittirilishi mumkin:
1) hozirgi va ilgarigi so‘roqlarda berilgan ko‘rsatuvlar o‘rtasida jiddiy qarama-qarshiliklar bo‘lganda;
2) so‘roq qilinuvchi sudda ko‘rsatuv berishdan bosh tortganda;
3) ish so‘roq qilinuvchining ishtirokisiz ko‘rib chiqilayotganda.