89-modda. Davlat sirlarini qo‘riqlash Davlat sirlari bo‘lgan hujjatlar yoki narsalarni ko‘zdan kechirish, olib qo‘yish va unga doir boshqa harakatlar faqat surishtiruvchi yoki tergovchining prokuror sanksiya bergan qaroriga binoan yoxud sud ajrimiga ko‘ra amalga oshirilishi mumkin.
Prokuror yoki sud majlisida raislik qiluvchi bunday harakatlarni o‘tkazish vaqti, joyi va boshqa shartlarini shu hujjatlar yoki narsalarni saqlash uchun javobgar bo‘lgan korxona, muassasa yoki tashkilot rahbari bilan kelishib oladi.
Bunday harakatlarni yuritishda ekspert, mutaxassis, xolis sifatida faqat davlat sirlari bo‘lgan hujjatlar va narsalar bilan tanishishga ruxsat berilgan shaxslar ishtirok etadilar.
90-modda. Dalillarni bayonnomada qayd etish Ma’lumotlar va narsalardan, ular tergov harakati bayonnomasi yoki sud majlisi bayonnomasida qayd etilganidan keyingina dalil sifatida foydalanish mumkin.
Bayonnomalar yuritish uchun mas’uliyat surishtiruv va dastlabki tergov bosqichida surishtiruvchi va tergovchi, sudda esa, raislik qiluvchi va sud majlisi kotibi zimmasiga yuklatiladi.
Bayonnomalarga: tergov yoki sud harakatining ishtirokchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, bu shaxslarga ularning huquq va majburiyatlari tushuntirilgani; tergov yoki sud harakatining o‘tkazilish joyi va vaqti, shart-sharoitlari, jarayoni va natijalari, bunda topilgan moddiy obyektlar tavsifi va ularning ish uchun ahamiyatli bo‘lgan belgilari; tergov harakatlari yoki sud muhokamasi ishtirokchilari tasdiqlashni so‘ragan faktlar; ularning yuz berayotgan hodisa sabablari xususidagi ko‘rsatuvlari, tushuntirishlari, mulohazalari; ular tomonidan berilgan iltimosnomalar, shikoyatlar, rad etishlar; tergov harakatini olib borish yoki sud muhokamasi jarayonidagi tartibbuzarlik hollari, shuningdek bu tartibbuzarliklarni bartaraf etish va oldini olish uchun ko‘rilgan chora-tadbirlar kiritiladi.
91-modda. Dalillarni qayd etishda yordamchi usullar. Bayonnomaga ilovalar Dalillarni qayd etish uchun bayonnoma tuzish bilan bir qatorda ovoz yozish, videoyozuv, kinotasvir, fotosuratga tushirish, qoliplar tayyorlash, nusxalar olish, rejalar, sxemalar tayyorlash va axborotni aks ettirishning boshqa usullari qo‘llanilishi mumkin. Surishtiruvchi, tergovchi, sud dalillarni mustahkamlashning bu usullarini qo‘llanishga ko‘maklashish uchun mutaxassislarni jalb etishi mumkin.
Surishtiruvchi, tergovchi, sud tomonidan dalillarni qayd etishning qanday usullari qo‘llangani, foydalanilgan apparatlar, asboblar, uskunalar, materiallarning texnikaviy tavsifi keltirilib, tegishlicha tergov harakati bayonnomasi yoki sud majlisi bayonnomasida aks ettiriladi.
Tergov yoki sud harakatining borishi va natijalari aks ettirilgan fotosuratlar, fonogrammalar, videoyozuvlar, kinotasvirlar, qoliplar, nusxalar, rejalar, sxemalar va boshqalar bayonnomaga ilova qilinadi. Har qaysi ilovada tergov yoki sud harakatining nomi, o‘tkazilgan joyi, sanasi ko‘rsatilgan izohlovchi matn bo‘lishi lozim. Bu izohlovchi matnni surishtiruv va dastlabki tergov bosqichida surishtiruvchi yoki tergovchi va xolislar, sudda esa, raislik qiluvchi va sud majlisi kotibi o‘z imzolari bilan tasdiqlaydilar.
Quyidagi protsessual harakatlar videoyozuv orqali qayd etilishi shart:
1) o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish;
2) tintuv;
3) ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish;
4) tergov eksperimenti;
5) shaxsni ushlash;
6) himoyachidan voz kechish;
7) shaxsni ushlash jarayonida o‘tkaziladigan shaxsiy tintuv va olib qo‘yish.
Ushbu modda to‘rtinchi qismining 5, 6 va 7-bandlarida nazarda tutilgan protsessual harakatlarni videoyozuv orqali qayd etish ushbu Kodeksda belgilangan xususiyatlar inobatga olingan holda amalga oshiriladi.