120-modda. Guvohni va jabrlanuvchini ularning iltimosiga ko‘ra so‘roq qilish Tergov olib borilayotgan joyda yoki sudda bo‘lgan guvoh yoki jabrlanuvchi ko‘rsatuv berishga xohish bildirsa, ular qoida tariqasida o‘sha kunning o‘zida yoki keyingi kundan kechiktirmay so‘roq qilinishi kerak.
Guvoh yoki jabrlanuvchining ko‘rsatuv berishga xohishi to‘g‘risidagi xabar tergovchi yoki sudga pochta orqali kelsa, unga so‘roq o‘tkaziladigan joy va vaqt darhol xabar qilinadi va u kelishi bilanoq so‘roq o‘tkaziladi.
121-modda. Voyaga yetmagan guvoh yoki jabrlanuvchini so‘roq qilishning o‘ziga xos jihatlari Voyaga yetmagan guvoh yoki jabrlanuvchini so‘roq qilish qonuniy vakili yoki katta yoshdagi yaqin qarindoshi, pedagog va (yoki) psixolog yoxud jabrlanuvchining vakili ishtirokida ularning roziligi bilan o‘tkaziladi. Ko‘rsatilgan shaxslar so‘roq qiluvchining ruxsati bilan guvoh yoki jabrlanuvchiga savollar berishlari mumkin.
Pedagogni va (yoki) psixologni so‘roq qilishga jalb etish voyaga yetmagan guvoh yoki jabrlanuvchi qonuniy vakilining yoki katta yoshdagi yaqin qarindoshining, jabrlanuvchi vakilining iltimosiga binoan yoxud surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudning tashabbusiga ko‘ra amalga oshiriladi. Pedagogning va (yoki) psixologning ishtiroki jinoyat ishini yuritayotgan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan ta’minlanadi.
Voyaga yetmagan jabrlanuvchi yoki guvohni so‘roq qilishda ishtirok etish uchun pedagogni va (yoki) psixologni jalb etish to‘g‘risida iltimosnoma berish huquqi so‘roq qilishdan oldin uning qonuniy vakiliga yoki katta yoshli yaqin qarindoshiga, jabrlanuvchi vakiliga surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan tushuntiriladi.
Voyaga yetmagan guvohni yoki jabrlanuvchini so‘roq qilishning umumiy davom etish vaqti kun davomida dam olish va ovqatlanish uchun bir soatlik tanaffusni hisobga olmaganda to‘rt soatdan oshmasligi kerak.
O‘n olti yoshgacha bo‘lgan guvohlar va jabrlanuvchilar ko‘rsatuv berishdan bosh tortganlik va bila turib yolg‘on ko‘rsatuv berganlik uchun javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirilmaydilar, biroq surishtiruvchi, tergovchi yoki sud majlisida raislik qiluvchi shu guvoh va jabrlanuvchilarga ularning protsessual huquqi va majburiyatlarini tushuntirish chog‘ida haqqoniy ko‘rsatuv berish va bu bilan jinoyat ishi bo‘yicha haqiqatni aniqlashga ko‘maklashish ma’naviy burch ekanligini eslatib o‘tadi.
Jinsiy erkinlikka qarshi, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar savdosiga oid jinoyat ishlari bo‘yicha voyaga yetmagan guvohni yoki jabrlanuvchini so‘roq qilish, shuningdek boshqa holatlarda so‘roq qilish, agar buni odil sudlovning yoki voyaga yetmagan shaxsning manfaatlari talab etsa, stenografiya, videokuzatuv, shuningdek audio- va video qayd etish tizimlari bilan jihozlangan maxsus xonada qonuniy vakil, pedagog va (yoki) psixolog ishtirokida o‘tkazilishi mumkin.
So‘roqni stenografiya, videokuzatuv, shuningdek audio- va video qayd etish tizimlari bilan jihozlangan maxsus xonalarda o‘tkazish tartibi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan belgilanadi.
Zarur bo‘lgan hollarda, himoyachi, voyaga yetmagan shaxsning qonuniy vakili, pedagog yoki psixolog savollarni surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudning ruxsati bilan qayta tuzish huquqiga ega, bunda savollarning mohiyati o‘zgartirilmaydi.
Voyaga yetmagan guvohni yoki jabrlanuvchini so‘roq qilish stenografiyasi, ular ko‘rsatuvlarining audio- va videoyozuvlari ushbu moddaga muvofiq bayonnomaga ilova qilinadi.