23-modda. Aybsizlik prezumpsiyasi Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas.
Aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim. Qonun qo‘llanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak.
24-modda. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchini himoyalanish huquqi bilan ta’minlash Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi himoyalanish huquqiga ega.
Himoyalanish huquqi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud zimmasidagi gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga va sudlanuvchiga unga berilgan huquqlarni tushuntirib berish hamda u o‘ziga qo‘yilgan ayblovdan himoyalanish uchun qonunda nazarda tutilgan barcha vosita va usullardan foydalanishda haqiqiy imkoniyatga ega bo‘lishiga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rish majburiyati bilan ta’minlanadi.
25-modda. Sudda ishlarni yuritishda tortishuv Birinchi instansiya sudining sud majlisida, shuningdek ishlar yuqori sudlarda ko‘rilayotganda ish yuritish taraflarning o‘zaro tortishuvi asosida amalga oshiriladi.
Ish sudda ko‘rilayotganda ayblash, himoya qilish va ishni hal qilish vazifalari bir-biridan alohida bajarilib, aynan bir organ yoki aynan bir mansabdor shaxs zimmasiga yuklatilishi mumkin emas.
Birinchi instansiya sudida ish yuritish faqat ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi yoxud tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash uchun ishni sudga yuborish to‘g‘risidagi qaror mavjud bo‘lganda boshlanishi mumkin.
Davlat va jamoat ayblovchilari, sudlanuvchi, voyaga yetmagan sudlanuvchining qonuniy vakili, himoyachi, jamoat himoyachisi, shuningdek jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari sud majlisida taraflar sifatida ishtirok etadilar va dalillar taqdim etish, ularni tekshirishda qatnashish, iltimos bilan murojaat qilish, ishning to‘g‘ri hal etilishi uchun ahamiyatga molik har qanday masala bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishda teng huquqlardan foydalanadilar.
Sud ayblov yoki himoya tarafida turmaydi hamda ularning biron-bir manfaatlarini ifodalamaydi.
Sud xolislik va beg‘arazlikni saqlagan holda taraflar protsessual majburiyatlarini bajarishlari va berilgan huquqlarini amalga oshirishlari uchun zarur sharoitlar yaratib beradi.