20-modda. Jinoyat ishlari yuritiladigan til Jinoyat ishlarini yuritish o‘zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda olib boriladi.
Ish yuritilayotgan tilni bilmaydigan yoki yetarli darajada tushunmaydigan protsess ishtirokchilariga o‘z ona tilida yoki o‘zi biladigan boshqa tilda og‘zaki yoki yozma arz qilish, ko‘rsatuv va tushuntirishlar berish, iltimosnoma va shikoyatlar bilan murojaat qilish, sudda so‘zlash huquqi ta’minlanadi. Bunday hollarda, shuningdek ish materiallari bilan tanishish vaqtida protsess ishtirokchilari qonunda belgilangan tartibda tarjimon xizmatidan foydalanishlari mumkin.
Ayblanuvchiga, sudlanuvchiga yoki protsessda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga taqdim etilishi lozim bo‘lgan tergov va sud hujjatlari ularning ona tiliga yoki ular biladigan boshqa tilga tarjima qilib berilishi lozim.
21-modda. Jinoyat ishlarini yuritishda jamoatchilikning ishtiroki Jinoyat ishi bo‘yicha tergov olib borish va ishni sudda ko‘rish chog‘ida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyat sodir etilgan holatlarni aniqlab olish, aybdorlarni qidirish va fosh etish, adolatli hukm chiqarish, shuningdek jinoyatning sodir etilish sabablari va unga imkon bergan sharoitlarni aniqlash uchun o‘z vakolatlari doirasida jamoatchilik yordamidan foydalanishga haqlidir.
Jamoat birlashmalari va jamoalarning vakillari jinoyat ishini yuritishda jamoat ayblovchilari hamda jamoat himoyachilari tariqasida qatnashishga haqlidir.
22-modda. Haqiqatni aniqlash Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyat yuz berganligini, uning sodir etilishida kim aybdorligini, shuningdek u bilan bog‘liq barcha holatlarni aniqlashi shart.
Ish bo‘yicha haqiqatni aniqlash uchun faqat ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda topilgan, tekshirilgan va baholangan ma’lumotlardan foydalanish mumkin. Gumon qilinuvchidan, ayblanuvchidan, sudlanuvchidan, jabrlanuvchidan, guvohdan va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslardan zo‘rlash, qo‘rqitish, huquqlarini cheklash va qonunga xilof bo‘lgan o‘zgacha choralar bilan ko‘rsatuvlar olishga harakat qilish man etiladi.
Ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqilishi kerak. Ishda yuzaga keladigan har qanday masalani hal qilishda ayblanuvchini yoki sudlanuvchini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan, shuningdek uning javobgarligini ham yengillashtiradigan, ham og‘irlashtiradigan holatlar aniqlanishi va hisobga olinishi lozim.
Dalillarni to‘plash va mustahkamlashda ruxsat berilmagan usullar qo‘llanilganligi to‘g‘risidagi murojaatlar qonunchilikda belgilangan tartibda sud-tibbiy ekspertizasi yoki boshqa ekspertiza o‘tkazilgan holda majburiy tekshirilishi lozim.