1875-modda. Taftish o‘tkazish tartibi Taftish o‘tkazish uchun tayinlangan shaxslar tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxslarini yoki vakillarini taftish o‘tkazish uchun asos bo‘lgan hujjatlar bilan taftish o‘tkazish boshlanguniga qadar tanishtirishi, shuningdek tekshiruvlarni ro‘yxatdan o‘tkazish kitobiga yozuv kiritishi shart.
Taftish tayinlash to‘g‘risidagi qarorning yoki ajrimning va vakolatli organning taftish o‘tkazish haqidagi buyrug‘ining ko‘chirma nusxalari tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsiga yoki vakiliga imzo qo‘ydirib topshirilgan, shuningdek ular xizmat guvohnomasi va taftishga ruxsat berish to‘g‘risidagi maxsus guvohnoma bilan tanishtirilgan payt taftish o‘tkazish boshlangan payt deb hisoblanadi.
Tekshirilayotgan subyekt mansabdor shaxsining yoki vakilining taftish o‘tkazish uchun asos bo‘lgan hujjatlarni olish va ular bilan tanishishdan bosh tortishi taftishni bekor qilish uchun asos bo‘lmaydi.
Tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsi yoki vakili tegishli hujjatlarni olish va ular bilan tanishishdan bosh tortgan taqdirda, taftish o‘tkazish uchun tayinlangan shaxs tomonidan uning o‘zi va tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsi yoki vakili imzolaydigan bayonnoma tuziladi. Tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsi yoki vakili mazkur bayonnomani imzolashdan bosh tortgan taqdirda, unga tegishli yozuv yozib qo‘yiladi. Mazkur holda bayonnoma imzolangan payt taftish o‘tkazish boshlangan payt deb hisoblanadi.
Tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsi yoki vakili taftish o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni, axborotni va materiallarni taftish o‘tkazish uchun asos bo‘lgan hujjatlar olinganidan va ular bilan tanishib chiqilganidan keyin taqdim etishi shart.
Tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsi yoki vakili hujjatlarni, axborot va materiallarni taqdim etishdan bosh tortgan taqdirda, taftish o‘tkazuvchi shaxs bundan buyongi protsessual harakatlarni o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qiladigan surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga bu haqda darhol xabar qiladi.
Hujjatlarni olib qo‘yish zarur bo‘lgan taqdirda, surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror olib qo‘yish to‘g‘risida qaror, sud esa ajrim chiqaradi. Olib qo‘yish ushbu Kodeksning 20-bobida belgilangan qoidalar bo‘yicha amalga oshiriladi.
Taftish o‘tkazuvchi shaxs zarur bo‘lgan taqdirda, tekshirilayotgan subyektning hududi va binolarini tekshiruvdan, shuningdek mol-mulkini inventarizatsiyadan o‘tkazishi mumkin.
Taftish tayinlash to‘g‘risidagi qarorda yoki ajrimda ko‘rsatilgan masalalarni o‘rganish soliq, valyutaga oid, buxgalteriya to‘g‘risidagi qonunchilikka va boshqa qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Taftish o‘tkazuvchi shaxsning tekshirilayotgan subyektning hududiga va binolariga (turar joylar bundan mustasno) kirishiga to‘sqinlik qilingan, shuningdek taftishni amalga oshirish uchun uning mol-mulkini inventarizatsiyadan o‘tkazish rad qilingan taqdirda, taftish o‘tkazuvchi shaxsning o‘zi va tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsi yoki vakili tomonidan imzolanadigan bayonnoma tuziladi. Tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsi yoki vakili bayonnomani imzolashdan bosh tortgan taqdirda, unga tegishli yozuv yozib qo‘yiladi. Bayonnoma bundan buyongi protsessual harakatlarni o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qiladigan surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga taqdim etiladi.
Taftish o‘tkazuvchi shaxsning tekshirilayotgan subyektning hududiga va binolariga (turar joylar bundan mustasno) kirishiga to‘sqinlik qilinganligi, shu jumladan ushbu subyektning mol-mulkini inventarizatsiyadan o‘tkazish rad etilganligi, shuningdek taftish o‘tkazuvchi shaxsning o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilinganligi qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Taftish o‘tkazuvchi shaxslarning o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilinganligi uchun javobgarlikka tortish taftishni bekor qilish uchun asos bo‘lmaydi.
Tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsiga yoki vakiliga taftish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnoma topshirilgan kun taftish o‘tkazish tugallangan kun deb hisoblanadi.
Tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsi yoki vakili taftish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomani olishdan bo‘yin tovlagan taqdirda, taftish o‘tkazuvchi shaxs taftish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomaga bu haqda tegishli yozuv kiritadi va shu paytdan e’tiboran taftish tugallangan deb hisoblanadi. Mazkur holda taftish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomaning bir nusxasi tekshirilayotgan subyektga pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi.