1876-modda. Ayrim hollarda taftish o‘tkazish tartibi Tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsi yoki vakili turgan joy noma’lum bo‘lgan taqdirda, taftish o‘tkazuvchi shaxs taftishni tayinlash to‘g‘risidagi qarorning yoki ajrimning va vakolatli organning taftish o‘tkazish haqidagi buyrug‘ining ko‘chirma nusxalarini tekshirilayotgan subyektning yuridik manziliga va uning mansabdor shaxsining yashash joyi manziliga uch ish kuni ichida buyurtma xat bilan yuboradi. Bunday holda buyurtma xat yuborilgan sana taftish o‘tkazish boshlangan sana deb hisoblanadi.
Tekshirilayotgan subyekt mansabdor shaxsining yoki vakilining yo‘qligi taftishni bekor qilish uchun asos bo‘lmaydi. Bunday holda taftish tekshirilayotgan subyektning moliya-xo‘jalik faoliyati to‘g‘risidagi, ishda mavjud bo‘lgan hujjatlar, axborot va materiallar asosida o‘tkaziladi.
Tekshirilayotgan subyektning hujjatlari, axboroti va materiallari yo‘qotilgan, yo‘q qilingan yoki mavjud bo‘lmagan taqdirda, taftish o‘tkazuvchi shaxs taftishni tayinlash to‘g‘risidagi qarorda yoki ajrimda ko‘rsatilgan masalalarni o‘rganishni soliq, valyutaga oid, buxgalteriya to‘g‘risidagi qonunchilikka va boshqa qonunchilikka muvofiq o‘tkazishi mumkin.
Taftish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnoma tekshirilayotgan subyektning yuridik manziliga va dalolatnomaning ko‘chirma nusxasi tekshirilayotgan subyekt mansabdor shaxsining yashash joyiga buyurtma xatlar bilan yuborilgan kun taftish o‘tkazish tugallangan kun deb hisoblanadi.
1877-modda. Taftish o‘tkazish muddatlari Taftish o‘tkazish muddati o‘ttiz kalendar kundan iboratdir.
Zarur bo‘lgan taqdirda, tekshirilayotgan subyektning hujjatlari hajmi, faoliyatining turi va ko‘lamlari hisobga olingan holda, taftish muddati moliya-xo‘jalik faoliyatining taftishini o‘tkazuvchi shaxsning asoslantirilgan iltimosnomasi bo‘yicha surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining yoki uning o‘rinbosarining roziligiga ko‘ra yoxud sudning ajrimi bilan:
tadbirkorlik subyektlariga nisbatan o‘ttiz kalendar kunga;
davlat organlari va tashkilotlariga, shuningdek ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq miqdorda bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan surishtiruvning, dastlabki tergovning va sud majlisida jinoyat ishini muhokama qilishning ushbu Kodeksda belgilangan muddatlaridan oshmaydigan muddatga uzaytirilishi mumkin.