Tarbiya jarayonida tarbiyalanuvchi shaxsida qanday o’zgarishlar kuzatiladi? Tarbiya jarayonida tarbiyalanuvchi shaxsida ongning shakllanib borishi, his-tuyg’ularning rivojlanishi, ijtimoiy hayot uchun zarur bo’lgan ijtimoiy aloqalarni tashkil etishga xizmat qiladigan xulqiy odatlarning hosil bo’lishi kabi o’zgarishlar kuzatiladi.
Tarbiya jarayonining muvaffaqiyatli kechishi qanday omillarga bog’liq? Tarbiya jarayonining muvaffaqiyatli kechishi uning maqsadi, shakllari, metodlari, vositalari, mavjud pedagogik shart-sharoitlar, shaxsning o’zini-o’zi tarbiyalash va qayta tarbiyalashi ehtiyojiga egaligiga bog’liq.
Tarbiya tamoyillari nima? Tarbiya tamoyillari – tarbiya nazariyasining asosiy etakchi qoidalari bo’lib, tarbiya jarayonini tashkil etish mazmuni, shakl, metod va vositalarini to’g’ri tanlanishini belgilaydigan boshlang’ich asoslar hisoblanadi.
Tarbiya jarayoni qanday tamoyillar asosida tashkil etiladi? Tarbiya jarayoni quyidagi tamoyillar asosida tashkil etiladi:
- tarbiya maqsadining aniqligi;
- bolalar va kattalarning birgalikdagi faoliyati;
- ixtiyoriylik;
- yo’naltirilganlik;
- o’z-o’zini anglash;
- jamoaviylik;
- insonparvarlik;
- ilmiylik;
- pedagogik jarayonning hayot va amaliyot bilan bog’liqligi;
- izchillik;
- uzluksizlik;
- tizimlilik;
- ko’rsatmalilik;
- estetik g’oyalar ustuvorligi.
Tarbiya maqsadi qanday belgilanadi? Tarbiya maqsadi ijtimoiy buyurtma asosida belgilanadi. Unda eng oddiy harakatdan tortib, to keng ko’lamli ijtimoiy harakatni tashkil etishdan iborat jarayonning mohiyati yoritiladi.
Tarbiya maqsadi qanday xarakter kasb etadi? Tarbiya maqsadi umumiy va individual xarakter kasb etadi.
Tarbiya jarayoni qanday qonuniyatlar asosida kechadi? Tarbiya jarayoni quyidagi qonuniyatlar asosida kechadi:
1) tarbiyaning ob’ektiv va sub’ektiv omillarga bog’liqligi;
2) tarbiyaning shaxs rivojlanishi bilan birligi va o’zaro aloqadorligi;
3) faoliyat va munosabat shaxsning ijtimoiy ahamiyatli fazilatlarni shakllantirishning negizi va asosiy manbai ekanligi;
4) tarbiyalanuvchilarning o’zaro tarbiyaviy ta’siri, o’zaro munosabatlari hamda faol faoliyati o’rtasidagi bog’lanishning mavjudligi.