Ta`lim jarayoni qonuniyatlari. Qonuniyatlar ta`lim jarayonida takrorlanib turadigan universal aloqalardir. Didaktikada ta`lim jarayoni qonuniyatlari alohida tadqiqot predmeti sifatida o`rganilmagan bo`lsa-da, ularning imkoniyatini ochish, tartibga solishga oid qator urinishlar mavjud. Rus didakti I.Y.Lerner o`zining bir ommabop risolasida ta`lim jarayonining quyidagicha qonuniyatlarini belgilashga uringan: tarbiyalovchan ta`lim, o`qitish, o`qish faoliyatlarining o`quv materiali bilan aloqadorligi: ta`limning o`qituvchi va o`quvchi maqsadlarining o`zaro mosligi asosida amalga oshishi: ta`lim metod, vositalarining ma`lumot mazmuni va maqsadiga mosligi: ta`limda bolalarning faol ishtiroki va sh.k. Ta`lim jarayoni qonuniyatlarini tasnif etish va tavsiflashga prof. Y.K.Babanskiy ham alohida e`tibor bergan. U ta`lim jarayonida amal qiladigan qonuniyatlarning quyidagicha xususiyatlarini ajratadi: doimiylik, sababiyatli bog`lanishlar shaklida amal qilish: tizimning samarali amal qilishini ta`minlash. Shu talablar asosida ta`lim jarayonining qonuniyatlari ajratiladi.
Ta`lim jarayoni bola shaxsini har tomonlama rivojlantirish, ularda ijodiy qobiliyatlarni tarkib toptirish bilan mutlaq bog`liq. Bu qonuniyatga ko`ra, ta`lim jarayonining vazifalari, vazifalar asosida esa ma`lumot mazmuni, ta`lim vositalari, metodlari, tashkilliy shakllari aniqlanadi.
Ta`lim jarayoni yoshlarni ma`lumotli qilish, bola shaxsini rivojlantirish va tarbiyalash jarayonlari bilan qonuniyatli bog`langan. Ta`lim jarayonining ma`lumotli qilish, rivojlantiruvchan va tarbiyalovchan funksiyalariga amal qilishi yo`li bilan bu qonuniyatga rioya qilinadi. Shu qonuniyatlariga ko`ra, ta`limning yo`nalishlari belgilanadi, nazariya va amaliyot birligi, ta`limning turmushga bog`liqligi hal etiladi.
Ta`lim jarayoni samaradorligi o`qituvchining mahoratiga va bolalarning real o`qish imkoniyatlariga daxldor. Bu qonuniyatga ko`ra, ta`limning unumdor vositalari, usullari, tashkiliy shakllari tanlanadi, bilimlarni tushunarli, ommabop bayon qilish kabi ishlar bajariladi.
Ta`lim o`zi amal qiladigan tashqi shart-sharoitlarga bog`liq. Bu qonuniyatga ko`ra, ta`lim uchun gigiyenik fiziologik, psixologik sharoit yaratiladi. Psixologik muhit hosil qilinadi.
Ta`lim jarayonida o`qituvchi va o`quvchi faoliyati o`zviy bog`liq. Bu qonuniyatga ko`ra, o`qituvchi va o`quvchi maqsadi o`zaro muvofiqlashtiriladi, ta`lim sub`yektlari o`rtasida koordinatsiya (faoliyatlarni o`zaro moslashtirish)ga rioya qilinadi, mustaqillik va faollik, ko`rgazmalilik va onglilik kabi prinsiplar amalga oshiriladi.
Shunday qilib, ta`lim jarayoni qonuniyatlariga ko`ra ta`lim prinsiplari, vositalari, metodlari, tashkiliy shakllari tanlanadi, ma`lumot mazmuni ishlab chiqiladi, ma`lumot mazmunini moddiylashtirish yo`llari aniqlanadi.