Ta`lim prinsiplari va ularning mohiyati Ta`lim prinsiplari haqida tushuncha. Ta`lim prinsiplari o`quv tarbiya jarayoniga qo`yiladigan ijtimoiy talablar, ta`limni tashkil etish, boshqarish, nazorat qilishda rioya qilinadigan qoidalar sifatida amal qiladi. Ta`lim prinsiplari haqidagi tasavvurlar ikki xil yo`l bilan izohlanadi: a) tasvir shaklida.masalan, ilmiylik prinsipi fan va o`quv predmeti o`rtasidagi aloqadorlikka asoslanadi. Bu erda ilmiylik prinsipi tasvir orqali bayon qilingan: b) qoida shaklida. Masalan, ta`limda oddiydan murakkabga qarab boriladi. Bu tushunarlilik prinsipi qoidaga solingan, ya`ni normallashtirilgan. Ta`lim prinsiplari qoida shaklini olavergan sari, ulardan amaliyotda foydalanish imkoniyatlari ham kengayaveradi.
Mutaxassislar ta`lim prinsiplari xususiyatlarini, asosan, o`qituvchi faoliyatiga nisbatan izohlashadi. Shu sababli ko`pchilik didaktik qo`llanmalarda “o`qitish prinsiplari” iborasi ishlatilgan. Ta`lim prinsiplari ta`lim jarayonining ikkala sub`yektiga ham o`qituvchi, ham o`quvchiga daxldor. Shunga ko`ra, biz ularni ta`lim prinsiplari deb nomladik. Ta`limni tashkil etish, boshqarish va nazorat qilishda o`qituvchi va o`quvchi faoliyatiga qo`yiladigan talablar, qoidalar ta`lim prinsiplari deb ataladi.
Ta`lim prinsiplari mohiyati. Didaktlar ta`lim prinsiplari mohiyatini yoritishda turli nuqtayi nazarlarni asos qilib olishgan. K.Sosnitskiyning fikricha, ta`lim prinsiplari umumiy qonuniyatlar bo`lib, ular o`quv-tarbiya jarayonida qat`iy rioya qilish yo`li bilan amalga oshiriladi. Uning fikricha, har bir prinsip ta`lim jarayonining muayyan komponentiga taalluqli: ko`rsatmalilik prinsipi ta`lim vositalariga, bola shaxsini rivojlantirish prinsipi ta`lim maqsadiga bog`liq.
Ta`lim prinsiplarini o`quv-tarbiya jarayoni komponentlariga bog`lab bayon etish tendensiyasi - moyilligi Y.K.Babanskiy tadqiqotlarida ham uchraydi: ta`limning ilmiyligi, hayot va ishlab chiqarish bilan bog`liqligi, sistemalilik, izchillik, tushunarlilik prinsiplari ma`lumot mazmuniga ko’ra , onglilik va faollik, ta`lim metodlari, vositalarini o`zaro uyg`unlashtirish prinsiplari ta`lim metodlari hamda vositalariga ko`ra, o`quvchilarning individual, guruh va frontal ishlarini qo`shib olib borish prinsipi ta`lim turlariga ko`ra, bilim va malakalarning puxtaligi prinsipi ta`lim natijalariga ko`ra belgilanadi.
Ta`lim prinsiplarini o`quv-tarbiya jaryoni komponentlari mohiyatidan kelib chiqib belgilash g`oyasi ularga yangicha yondashishdir. Ammo ta`lim prinsiplarini o`quv-tarbiya jarayoni komponentlari asosida belgilash ularning umumiy qoidalar ekanligini inkor qilishga olib keladi. Zero, ta`lim prinsiplari o`quv-tarbiya jarayonining barcha komponentlari, o`qituvchi va o`quvchi faoliyati, barcha o`quv predmetlarini o`qitish masalalariga daxldor umumiy talablar, qoidalardir.
Ta`lim prinsiplarini o`quv-tarbiya jarayoni qonuniyatlari asosida belgilash g`oyasi ham mavjud. N.A.Sorokin ta`limning rivojlantiruvchanlik va tarbiyalovchanlik xususiyatlarini qonuniyat sifatida belgilaydi va shular asosida ta`lim prinsiplari xususiyatlarini bayon etadi. V.I.Zagvyazinskiy ham o`quv-tarbiya jarayonida amal qiladigan qonuniyatlar va ta`lim prinsiplari o`rtasidagi aloqadorlikni hisobga olib, keyingilarini, ya`ni ta`lim prinsiplarini tasnif etadi.
Prinsiplarni ta`lim jarayoni qonuniyatlaridan kelib chiqib belgilash, garchand bu ularga yangicha yondashish bo`lsa-da, u mohiyat bilan zaruriyatni tenglashtirishga, hatto almashtirishga olib keladi. Zotan, qonuniyatlar kishi, uning ongiga bog`liq bo`lmagan holda mavjud. Boshqacha aytganda, ular narsaning o`zida, o`rganilayotgan jarayonning tarkibida amal qiladi. Fanning vazifasi Shu qonuniyatlarni izlash, topish va izohlashdan iborat. Ta`lim prinsiplari, birinchi navbatda, amaliyotga, binobarin, zaruriyatga daxldor. Shu tufayli ular ta`limni tashkil etish, boshqarish va nazorat etish mezonlari sifatida amal qiladi.
Prinsiplar umumdidaktik kategoriya bo`lib, ular ta`limning barcha turlari (individual, guruh, umumsinf), darajalari (boshlang`ich o`rta professional, oliy), sub`yektlari (o`qituvchi va o`quvchilar kollektivi), o`quv-tarbiya jarayonining hamda komponentlari (ta`limning maqsadi, vazifasi, vositasi, mazmuni, metodlari, tashkiliy shakllari, natijalari)ga daxldor umumiy qoidalardir. Shuningdek, ular maktab rahbari, metodist va inspektorlar, ilmiy-pedagogik izlanishlar olib boruvchi shaxslar tadqiqotchilar, talabalar uchun ham zarur. Bulardan ta`lim prinsiplarini pedagogik faoliyat bilan mashg`ul kishilarning barchasi o`rganishlari lozim, degan xulosa kelib chiqadi.