Mollyuskalar (Mollusca) tipiga 130 mingdan ortiq tur kirib, 7 ta sinfga bo'linadi.
Mollyuskalar orasida ham ayrim turlari parazitlik qilib xayot kechiradi. Ular asosan
ikki pallali (Bivalvia) va qorinoyolilar (Gastropoda) sinflari ichida uchraydi.
Qorinoyoqlilar sinfining ayrim vakillari xar xil parazit chuvalchanglarning, birinchi
navbatda so'rg’ichlilar sinfi vakillarining oraliq xo'jayinlari hisoblanadi. Shuningdek,
ayrim tur tasmasimon chuvalchanglar va nematodalarning rivojlanish siklida ham
qorinoyoqli mollyuskalar vakillari qatnashadi. Ikki pallali mollyuskalardan chuchuk
suv marvariddorlari (Margaritifera) va tishsizlarning (Anodonta) lichinkalari
baliqlarda parazitlik qilib yashaydi. Tishsizlar ayrim jinsli bo'lib, tashqi ko'rinishidan
erkagi urg’ochisidan farq qilmaydi. Urg’ochi tishsiz yetilgan tuxumlarini jabra
varaqchalari oralig’iga qo'yadi. Erkaklarining spermatozoidlari esa suvga chiqariladi
va kirish sifonlari orqali urg’ochisining tanasiga kiradi. Tuxum jabra yaproqchalari
orasida urug’lanib, bir necha kundan keyin ulardan gloxidiy deb ataluvchi lichinka
chiqadi. Lichinkaning ikki pallali chig’anoqlarini qirralari tishchali bo'ladi. Bunday
lichinkalar erta baxorda ona organizmidan suvga chiqadi va biroz harakatlanib, keyin
chig’anoqlarini tishchalari va yopishqoq bissus ipchalari yordamida turli baliqlarning
jabrasiga va suzgich qanotlariga ilashib, parazit holda xayot kechira boshlaydi.
Natijada zararlangan baliqlar tanasida shishlar paydo bo'ladi. Terisining ostida
gloxidiylar bir-ikki oy davomida parazitlik qilib rivojlanadi va asta-sekin kichik
baqachanoqqa aylanadi. Keyinchalik baliqning terisini yorib, suv tubiga cho'kib
mustaqil hayot kechiradi. Gloxidiylar ayniqsa baliqlarning jabra to'qimalarida
parazitlik qilib, ularning nafas olishini qiyinlashtiradi va natijada ko'plab baliqlar
nobud bo'ladi. Qorinoyoqli mollyuskalar ichida xam ayrim turlari ninaterililar tipi
vakillarida parazitlik qiladi. Qorinoyoqli mollyuskalar sinfi ichida parazitlari asosan
oldjabrali qorinoyoqli mollyuskalar kenja sinfi vakillari hisoblanadi