12.2. Marketingning maqsad va vazifalari Marketing sohasidagi adabiyotlarda asosan marketingning to’rtta maqsadi
keltiriladi. Bular quyidagilar hisoblanadi:
1. Mumkin bo’lgan maksimal yuqori iste'molga erishish.
2. Iste'molchilarning talabining maksimal qondirilishiga erishish.
3. Iste'molchilarga keng assortimentdagi tovarlarni tanlashiga imkoniyat
yaratish.
4. Aholi turmush darajasi sifatini oshirish.
Mumkin bo’lgan maksimal yuqori iste'molga erishish. Ko’pchilik rahbarlar
marketingning maqsadi - ishlab chiqarishning maksimal o’sishi va korxonaning
boyishida asosiy omil yuqori iste'molga erishishni rag’batlantirishda deb biladilar. Bu
fikrni boshqacha ifodalasak, odamlar qancha ko’p sotib olsa va qancha ko’p iste'mol
qilishsa, shuncha baxtli bo’ladilar degan ma'noni anglatadi. Lekin, ba'zi bir kishilar
moddiy boyliklar masalasining ortishi katta baxtga erishishdan dalolatdir degan
fikrga shubha bilan qaraydilar. Demak, marketingning maqsadi faqat mumkin
bo’lgan maksimal iste'molga erishishdangina iborat emas ekan.
Iste'molchilarning talabining maksimal qondirilishiga erishish. Bu nuqtai
nazarga muvofiq marketing tizimining asosiy maqsadi mumkin bo’lgan maksimal
yuqori iste'molga erishish emas, balki iste'molchilarning talabini maksimal
qondirishdan iboratdir. Bu degani tovar massasi iste'moli ko’p bo’lsada, u biron-bir
ahamiyatga ega bo’lmasligi mumkin. Ularning ahamiyatliligi, tovar massasining
ko’pligi bilan emas, balki bu tovar massalarining qanchalik darajada
iste'molchilarning talabini qondira olishi bilan o’lchanadi. Afsuski, iste'molchilarning
talabining qondirilish darajasini o’rganish to hozirgi kungacha muammoligicha
qolmoqda.
Iste'molchilarga keng assortimentdagi tovarlarni tanlashga imkoniyat yaratish. Ba'zi bir bozor mutaxassislari marketing tizimining asosiy maqsadi tovarlar
xilma-xilligini maksimal ta'minlash va iste'molchilarning keng assortimentdagi
tovarlarni tanlashiga imkoniyat yaratishdan iboratdir deb hisoblaydilar. Tizimning
maqsadi iste'molchining talabiga to’liq mos keladigan tovarni topishiga yordam
berishdan iborat bo’lishi kerak.