15.4. Iste'molchilarning guruhlanishi va ularning xulq-atvoriga ta'sir qiluvchi omillar Iste'molchilarni o’rganishdan asosiy maqsad ularning ehtiyojini to’laroq
qondirish maqsadida talabini aniqlashdan iboratdir.
Iste'molchildarning talabini to’laroq qondirish uchun avvalo, mavjud
ehtiyojlarni chuqur tahlil qilish, o’sish qonuniyatlarini o’rganish va yangi
ehtiyojlarning shakllanishi borasida ma'lumotlarga ega bo’lish talab etiladi.
Iste'molchilarning ehtiyojini o’rganish natijasida quyidagi vazifalarni bajarish
mumkin bo’ladi:
1) ehtiyojning ierarxik strukturasini tuzish;
2) ayrim ehtiyojlarning miqdoriy ko’rsatkichini va dinamikasini aniqlash;
3) iste'molchilarning birinchi navbatda qaysi ehtiyojini qondirishga moyilligini
bilish;
4) tovarlar va xizmatlarning iste'mol xususiyatlarini o’lchash va guruhlash;
5) qondirilgan va qondirilmagan talab strukturasini aniqlash va boshqalar.
Umuman aytganda, firma yoki korxona boshqaruvchilari ular tomonidan
qo’llanilayotgan ta'sir etuvchi marketing uslublariga nisbatan iste'molchilar qanday
munosabat bildirayotganligini yaqqol tasavvur qila bilishlari kerak. Bozorda
iste'molchilarning xulq-atvoriga, xarid qilingan tovarning qandayligiga xaridorning
shaxs, madaniyati, iqtisodiy ahvoli va psixologik omillar katta ta'sir ko’rsatadi.
Shaxsiy omillar. Iste'molchilarning bozordagi xulq-atvori shaxsiy tartibdagi
omillar asosida ham shakllanadi. Shaxsiy omillarga xaridorning yoshi, oilaviy hayot
tarzi, nima ish bilan shug’ullanishi, iqtisodiy ahvoli (oila daromadi yoki bir oila
a'zosiga to’g’ri keladigan daromad miqdori), hayot tarzi, shaxs turi kabi sifatlar
kiradi. Masalan, shaxsning oilaviy hayot tarzi deganda uning uylanganligi yoki
uylanmaganligi, uylangan bo’lsa oilasida necha nafar farzandi borligi, ota-onasi bilan
yashaydimi yoki alohida yashaydimi, ota-onalarining yoshi va hokazo kabi
ko’rsatkichlar tushuniladi. Bu ko’rsatkichlarning har biri esa o’z navbatida xarid
qilinayotgan tovar va talab qilinayotgan xizmatga ma'lum darajada ta'sir ko’rsatadi.