TOVUSH O`ZGARISHI HODISALARI Nutq jarayonida tovushlarni ketma-ket keltirish yo‘li bilan turli xil ma’noli birliklarni hosil qilamiz.
Masalan, t-o-sh, b-o-sh, q-o-l. Yuqoridagi so‘zlar tarkibidagi tovushlar alohida-alohida emas, balki uzluksiz talaffuz qilinadi, so‘zlar
uzluksiz talaffuz qilinganda, uning tarkibidagi bir tovush hali to‘liq talaffuz qilinmay turib, nutq a’zolari
ikkinchisiga tayyorlanib turadi. Natijada tovushlar zanjiri vujudga keladi.
Talaffuz qulayligiga intilish harakati tufayli nutq jarayonida tovushlar zanjirida turli fonetik o‘zgarishlar ro‘y beradi. Masalan, oq so‘zi asosiga -gach qo‘shimchasini qo‘shsak, asos oxiridagi chuqur til orqa
q dan so‘ng til
orqa
g undoshi kelib, chuqur til orqa tovushidan til orqa tovushiga birdaniga o‘tishi qiyinlashadi. Talaffuz
noqulayligi vujudga keladi. Ana shu noqulaylikni bartaraf qilish, qulaylikka erishish uchun ikkinchi tovush
ham chuqur til orqa tovushiga aylantiriladi. Solishtiring:
oqqach, soqqani, ekkani kabi. So‘z tarkibidagi tovushlar nutq jarayonida bir-biriga ta’sir qilmagan holda ham o‘zgarishga uchrashi
mumkin. Bunda tovushning so‘z tarkibidagi o‘rni (qanday tartibda joylashganligi); so‘zning boshida yoki
oxirida, urg‘uli yo urg‘usiz bo‘g‘inda kelishi muhim rol o‘ynaydi. Masalan, odob, javob, niqob, maktab so‘zlari oxirida kelgan b jarangli undosh talaffuzda jarangsiz p tarzida talaffuz qilinadi;
negativ, normativ pozitiv, operativ kabi ruscha-internatsional so‘zlarning oxirida kelgan v jarangli undosh jarangsiz f tarzida;
voleybol, olimpiada kabi ruscha-internatsional so‘zlarning urg‘usiz bo‘g‘inida kelgan o unlisi esa a tarzida
talaffuz qilinadi: valeybol, alimpiada. Bunday hodisalarning sodir bo‘lishiga nutqda ixchamlikka intilish,
bo‘g‘inda urg‘uning tushishi yoki tushmay qolishi, shoshilib talaffuz qilish, boshqa tillardan o‘tgan so‘zlarni
talaffuz qilishdagi qiyinchiliklar sabab bo‘lishi mumkin.