QIRQ YETTINCHI BOB GUNOHLAR HAQIDAGI RIVOYATLAR 553. Jobir ibn Abdulloh (r.a.) aytadilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning
bunday deganlarini eshitdim: "Alloh taolo Musoga (a.s.) bergan sahifalar ichida o‘nta
bob bo‘lib, birinchi sahifada yozilgan kalima bu edi: "Ey Muso, Menga hech shirk
keltirma. Mening mushriklar yuzi o‘tda yonishi haqidagi so‘zim haqdir. Menga shukr qil,
ota-onangga shukr qil, shunda seni halokatdan saqlayman va umringni ziyoda qilaman,
yaxshi hayotda yashattiraman va yanada yaxshirog‘iga burib qo‘yaman. Men o‘ldirishni
harom qilgan jonni o‘ldirma, Men uni harom qildim. Mabodo, bu ishni qilsang, yer senga
kengligi bilan ham torlik, osmon shuncha kattaligi bilan ham tanglik qiladi, g‘azabim
bilan do‘zaxga tushib qolasan. Mening ismim bilan yolg‘on va gunohkor holatda qasam
ichma. Chunki kim Meni poklamasa, ismlarimni ulug‘ tutmasa, uni ham poklamayman.
Odamlarga Men bergan narsalarga hasad qilma. Chunki hasadchi Mening
ne’matlarimning dushmani, qazoimni rad etuvchi, Men taqsim qilib bergan narsaga
g‘azablanuvchidir. Kim shunday qilsa, u Mendan emas, Men undan emasman. Qulog‘ing
ma’nosiga yetmagan, aqling anglay olmagan, qalbing bog‘lanmagan narsalarga guvohlik
berma. Men qiyomat kuni guvohlarni bergan guvohliklari to‘g‘rimi yoki yo‘qmi, qattiq
so‘roq qilaman. O‘g‘rilik qilma, qo‘shnining xotini bilan zino qilma. Agar qilsang, sendan
yuzimni va osmon eshiklarini berkitaman (ya’ni, duolarni qabul qilmayman), o‘zing
yaxshi ko‘rgan narsalarni odamlarga ham yaxshi ko‘r. Mendan boshqaga atab qurbonlik
so‘yma, faqat Mening nomimni atab so‘yilgan qurbonliklarni qabul qilaman. Agar u
Mening yo‘limda xolis bo‘lgan bo‘lsa, shanba kuni men uchun hamma narsadan ajral va
uyingdagi hamma ahllaringdan uzoq bo‘l".
Tanbehul g’ofilin. Al-Faqih Abu Lays as-Samarqandiy