www.ziyouz.com kutubxonasi
237
bittasini tark qilsa, vojib haqni tark qilgan bo‘ladi. Agar chaqirsa, javob berish, kasal
bo‘lsa, borib ko‘rish, o‘lsa, janozasida hozir bo‘lish, yo‘lda uchrasa, salom berish, nasihat
so‘rasa, nasihat qilish va agar aksa ursa, unga rahmat tilash".
580. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Qaysi payg‘ambar o‘tgan bo‘lsa,
podachilik qilgandir". "Siz ham qo‘y boqqanmisiz?" deb so‘rashdi. "Ha, boqqanman",
dedilar u zot.
Faqih aytadilar: Payg‘ambarlarning qo‘y boqishidagi hikmat, Alloh taolo ularni avvalo
hayvonlar bilan imtihon qildi, hatto ularda maxluqotlarga nisbatan mehr-shafqat zohir
bo‘ldi. Holbuki, Alloh ularni yaxshi biladi. Ularni hayvonlarga nisbatan mehr-shafqatli
topsa, keyin odam farzandlariga nabiy va din ishlariga ega qilib qo‘yadi.
Rivoyat qilinishicha, Muso alayhissalom: "Ey Allohim, qaysi narsa uchun meni tanlab
olding?" dedilar. "Yaratgan narsalarimga rahmdilliging uchun. Sen Shuaybning
(alayhissalom) qo‘ylarini boqarding. Qo‘ylaring ichidan bir qo‘y qochdi, orqasidan yurib,
ushlaguncha ko‘p harakat qilding. Ushlaganingdan keyin, uni quchog‘ingga olib, mahkam
bosib aytdingki, ey bechora, nimaga meni bunchalik charchatding? O‘zingni
charchatding. Maxluqimga rahm qilding, shu uchun Men seni tanlab oldim va
payg‘ambarlik bilan ikrom qildim", dedi.
581. Abu Hurayra (r.a.) Payg‘ambar alayhissalomdan rivoyat qiladilar: U zot: "Kim bu
dunyoda musulmon birodarining bir aybini yopsa, Alloh taolo dunyo va oxiratda uning
aybini yopadi. Kim birodaridan dunyo g‘amlaridan bir g‘amni ketkazsa, Alloh uning
qiyomat kunidagi g‘amlaridan bir g‘amini ketkizadi. Alloh taolo bandasiga yordam berib
turadi, modomiki, u banda birodariga yordam berib turgan bo‘lsa", dedilar.
582. Qatoda Anas ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qiladilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi
vasallam aytdilar: "Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, sizlardan
birortangiz mo‘min bo‘lmaysizlar, toki o‘zingiz yaxshi ko‘rgan narsani birodaringiz uchun
ham yaxshi ko‘rmaguningizcha".
Sha’biy Umardan (r.a.) rivoyat qiladilar: Amirul-mo‘minin aytdilarki: "Alloh taolo rahm
qilmagan kishiga rahm qilmaydi, kechirmagan kishini kechirmaydi. Birovning tavbasini
qabul qilmagan kishining tavbasini qabul qilmaydi".
583. Ba’zi sahobalar (r.a.) aytishgan ekan: "Rahm qiluvchilarga Rahmon rahm qiladi.
Yerdagi kishilarga rahm qilinglar, osmondagi Zot sizlarga rahm etadi".
584. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Kim odamlarga rahm etmasa,
Alloh ham unga rahm qilmaydi".
Qatoda aytadilar: "Injilda yozilgan kalima zikr qilindi: "Ey odam farzandi, qanchalik
rahm qilsang, shunchalik rahm ko‘rasan. Qanday qilib bandalarga rahm qilmasdan turib,
Alloh senga rahm etishini umid qilasan?!"
Abu Dardo (r.a.) bolalarning orqasidan yurib, ulardan chumchuqlarni sotib olar, keyin
ularni qo‘yib yuborar va, bor, yashayver, der edilar.
Tanbehul g’ofilin. Al-Faqih Abu Lays as-Samarqandiy