59-modda. Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash
Shaxs Maxsus qismning turli moddalarida nazarda tutilgan ikki yoki undan
ortiq jinoyatni sodir etgan bo‘lib, ulardan birortasi uchun ham sudlangan bo‘lmasa,
sud ushbu Kodeksning 54-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq har qaysi
qilmish uchun jazo tayinlab, so‘ngra tayinlangan yengilroq jazoni og‘irrog‘i bilan
qoplash yoxud tayinlangan jazolarni to‘la yoki qisman qo‘shish yo‘li bilan jinoyatlar
majmui bo‘yicha jazo tayinlaydi.
Agar jinoyatlar majmuini faqat ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar va
uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar tashkil etsa, unda tayinlangan yengilroq jazoni
og‘irrog‘i bilan qoplash yoxud tayinlangan jazolarni to‘la yoki qisman qo‘shish yo‘li
bilan jazo uzil-kesil tayinlanadi. Bunda uzil-kesil tayinlangan jazo sodir etilgan
jinoyatlardan eng og‘iri uchun nazarda tutilgan eng ko‘p jazo muddatidan yoki
me’yoridan ortiq bo‘lmasligi lozim.
Agar jinoyatlar majmuini tashkil etuvchi jinoyatlardan loaqal bittasi og‘ir
yoki o‘ta og‘ir jinoyat bo‘lsa, ushbu Kodeksning Umumiy qismida shu jazo turi
uchun belgilangan doirada tayinlangan jazolarni to‘la yoki qisman qo‘shish yo‘li
bilan jazo uzil-kesil tayinlanadi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi
Plenumining 2006-yil 3-fevraldagi 1-sonli “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo
tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining 51-bandi.
Oldingi tahrirga qarang.
Sodir etilgan jinoyatlardan bittasi uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish
tariqasidagi jazo tayinlanganda yengilroq turdagi jazoni umrbod ozodlikdan
mahrum qilish bilan qoplash orqali jazo uzil-kesil tayinlanadi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi
Plenumining 2007-yil 14-noyabrdagi 15-sonli “Umrbod ozodlikdan mahrum qilish
tariqasidagi jazoni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 5 va 6-
bandlari.
Sodir etilgan jinoyatlardan bittasi uchun uzoq muddatli ozodlikdan mahrum
qilish jazosi tayinlanganda jazolarni to‘la yoki qisman qo‘shish yoxud yengilroq
jazoni og‘irrog‘i bilan qoplash orqali jazo uzil-kesil tayinlanadi.
(59-modda O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 11-iyuldagi O‘RQ-99-
sonli Qonuni asosida to‘rtinchi va beshinchi qismlar bilan to‘ldirilgan — Oliy
Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 6-son, 248-modda)
Jinoyatlar majmui bo‘yicha har xil turdagi jazolarni qo‘shish yo‘li bilan jazo
tayinlashda ushbu Kodeksning 61-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga amal
qilinib, jazoning og‘irroq turi uzil-kesil tayinlanadi.
Jinoyatlar majmui bo‘yicha tayinlangan asosiy jazoga sud ayrim jinoyatlar
uchun tayinlangan qo‘shimcha jazolarni ham qo‘shishi mumkin. Bunda muayyan
huquqdan mahrum qilish tariqasidagi qo‘shimcha jazoning uzil-kesil tayinlangan
muddati ushbu Kodeksning 45-moddasida nazarda tutilgan eng ko‘p muddatdan
ortiq bo‘lmasligi lozim.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi
Plenumining 2006-yil 3-fevraldagi 1-sonli “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo
tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining 52-bandi.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar ish bo‘yicha hukm chiqarilganidan keyin mahkumning ana shu ish
bo‘yicha chiqarilgan hukmga qadar sodir etilgan yana boshqa jinoyatda aybli
ekanligi aniqlansa ham jazo o‘sha tartibda tayinlanadi. Bunday holda jinoyatlar
majmui bo‘yicha sud tomonidan tayinlangan jazo muddatiga birinchi hukm
yuzasidan jazoning o‘talgan qismi qo‘shib hisoblanadi.
(59-moddaning sakkizinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 18-
apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari
milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi
Plenumining 2006-yil 3-fevraldagi 1-sonli “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo
tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining 53-bandi.
(59-modda O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 27-avgustdagi 671-II-
son Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-
y., 37-son, 408-modda)
Dostları ilə paylaş: |