60-modda. Bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash Agar mahkum hukm chiqarilganidan keyin jazoni to‘la o‘tamay turib, yangi
jinoyat sodir etsa, sud yangi hukm bo‘yicha tayinlangan jazo muddatiga ilgarigi
hukm yuzasidan o‘talmay qolgan jazo muddatini to‘la yoki qisman qo‘shadi.
Bir necha hukm yuzasidan har xil turdagi jazolarni qo‘shish yo‘li bilan jazo
tayinlashda ushbu Kodeksning 61-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga amal
qilinib, jazoning og‘irroq turi uzil-kesil tayinlanadi.
Oldingi tahrirga qarang. Agar hukmlardan biri bilan umrbod ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi
jazo tayinlangan bo‘lsa, bir necha hukmlar yuzasidan jazolarni qo‘shishda yengilroq
jazo turini umrbod ozodlikdan mahrum qilish bilan qoplash orqali jazo uzil-kesil
tayinlanadi.
LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2007-yil 14-noyabrdagi 15-sonli “Umrbod ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 7- bandi. Agar hukmlardan biri bilan uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi
tayinlangan bo‘lsa, bir necha hukmlar yuzasidan jazolarni qo‘shishda yengilroq
jazoni og‘irrog‘i bilan qoplash yoxud jazolarni to‘la yoki qisman qo‘shish yo‘li bilan
jazo uzil-kesil tayinlanadi.
(60-modda O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 11-iyuldagi O‘RQ-99- sonli Qonuni asosida uchinchi va to‘rtinchi qismlar bilan to‘ldirilgan — Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 6-son, 248-modda) Bir necha hukmlar yuzasidan axloq tuzatish ishlariga yoki xizmat bo‘yicha
cheklashga hukm qilinib, ish haqi yoki pul ta’minotidan ushlab qolishning har xil
miqdori belgilangan hollarda bu jazolarning faqat muddatlari qo‘shiladi.
Ilgarigi hukm yuzasidan ijro etilmay qolgan qo‘shimcha jazolar hukmlar
jami tariqasida tayinlangan asosiy jazoga qo‘shib tayinlanadi.
LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006-yil 3-fevraldagi 1-sonli “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining 54 — 59-bandlari.