Global muammolar tasnifi. Global muammolarning keltirilgan mezonlari va
o‘ziga xos xususiyatlari asosan mazkur sohadagi aksariyat tadqiqotchilarning
qarashlarini aks ettiradi va global muammolarni boshqa barcha muammolardan
farqlab, aniq aytish imkonini beradi. Bunda u yoki bu muammoning keskinlik va
muhimlik darajasini belgilash, uning boshqa muammolar bilan o‘zaro nisbatini
aniqlash uchun odatda turli tasniflashlar amalga oshiriladi, ular alohida guruhlarga
ajratiladi.
Tasniflash birdan-bir maqsad hisoblanmaydi, balki hozirgi davrning o‘ta keskin
ziddiyatlarini kompleks o‘rganishning muhim elementi sifatida amal qiladi va mazkur
muammolarni ularning o‘zaro aloqasi va bir-birini taqozo etishi nuqtai nazaridan
o‘rganish imkonini beradi. U muhim aloqalarni farqlash, ustuvorliklarni va ob’ektiv
mavjud global muammolarning keskinlashuv darajasini aniqlash imkonini beradi.
Bundan tashqari, tasniflash global muammolarning tizimli o‘zaro aloqasini yanada
teranroq tushunishga ko‘maklashadi va amaliy qarorlar qabul qilish ketma-ketligini
belgilashga yordam beradi.
Izchil va aniq amalga oshirilgan tasniflash bilishning mazkur sohasidagi avvalgi
tadqiqotlarni ma’lum darajada sarhisob qiladi va ayni vaqtda bunday
tadqiqotlarning rivojlanishida yangi bosqich boshlanganini qayd etadi.
Hozirgi zamonda global muammolarni tasniflashga nisbatan har xil yondashuvlar
orasida ayniqsa keng e’tirof etilgan tasnifga muvofiq global muammolarning
barchasi ularning keskinlik darajasi va echimininga hamiyatiga, shuningdek real
hayotda ularning o‘rtasida qanday sababiy bog‘lanishlar mavjudligiga qarab uch katta
guruhga ajratiladi.
Birinchi guruh eng katta umumiylik va muhimlik darajasi bilan tavsiflanadigan muammolar. Ular turli davlatlar o‘rtasidagi munosabatlardan kelib chiqadi. Ayni
shu sababli ular interijtimoiy global muammolar deb ataladi. Bu erda jamiyat
hayotidan urushni bartaraf etish va adolatli dunyoni ta’minlash; yangi xalqaro
iqtisodiy tartib o‘rnatish kabi ikki o‘ta muhim muammo farqlanadi: