www.ziyouz.com kutubxonasi
159
bosib ketdiki, bundan o‘zi ham hayron qoldi. Dirijyor bunday baxtdan seskanib ketdi va chap qo‘lini
ko‘ksiga qo‘ygancha o‘ng qo‘lidagi oq tayoqchani silkitib orkestrga dirijyorlik qilishda davom etdi.
— Yana, yana, — deb pichirlardi Korovyov, — chapga, birinchi skripkalarga qarang, shunday bosh
irg‘ating-ki, ularning har biri meni tanidi deb o‘ylasin o‘zicha. Faqat jahonga mashhur bo‘lgan
muzikachilar yig‘ilgan bu yerga. Anavi birinchi pult oldida o‘tirgan bilan salomlashing, — u Vetan
bo‘ladi. Yaxshi, juda yaxshi. Endi ketdik.
— Dirijyor kim bo‘ldi? — deb so‘radi Margarita nariga uchib ketarkan.
— Ioxan Shtraus, — deb shang‘illadi mushuk, — agar bironta balda, biron marta bo‘lsin shunday
sara orkestr yig‘ilgan bo‘lsa, mayli, meni tropik o‘rmonda o‘sgan lianaga osisha qolsin. Men taklif
qildim bu orkestrni. E’tibor bering-a, bironta muzikachi kasal ham bo‘lib qolmadi, kelishdan bosh ham
tortmadi...
Keyin ular bir maydonchaga uchib chiqishdi. Margarita bu yerni tanidi: Korovyov uni shamchiroq
tutib shu yerda kutib olgan edi. Endi bu maydonchada yonib turgan uzum boshlarini eslatuvchi billur
qandil yorug‘idan ko‘z qamashardi. Margarita uchun maxsus joy tayyorlangan edi — uni o‘sha yerga
qo‘yishdi, uning chap tirsagi ostida ametist
22
ustuncha paydo bo‘ldi.
— Agar juda toliqsangiz, qo‘lingizni shu ustunchaga qo‘yishingiz mumkin, — deb shipshidi
Korovyov.
Qora tanli bir odam Margaritaning oyog‘i ostiga yostiq tashladi, unga zarrishta bilan baroq itning
tasviri tikilgan edi, shunda Margarita kimningdir yo‘rig‘iga yurib, o‘ng oyog‘ini yostiqqa qo‘ygan edi,
tizzasi xiyol bukildi. U atrofiga ko‘z tashladi. Korovyov bilan Azazello uning yonginasida tantanavor
vaziyatda turishardi. Azazelloning yonida yana uch nafar yigit bo‘lib, ular Margaritaning nazarida
Abadonnaga sal-pal o‘xshab ketishardi. Margaritaning yelkasiga sovuq ura boshladi, u orqasiga
o‘girilib, u yerdagi marmar devordan muz hovuzga gazli vino tizillab quyilayotganini ko‘rdi. Margarita
chap oyog‘i tagida qandaydir iliq va momiq narsaning g‘imirlaganini sezdi. Bu Begemot edi.
Margarita yuksakda turar, uning shundoqqina oyog‘i ostidan pastga gilam poyondoz yozilgan juda
mahobatli zina tushib borar edi. Pastda, xuddi durbinning teskari tomonidan ko‘ringanday juda-juda
olisda kattakon darbonxona va qop-qora xunuk og‘ziga besh tonnali yuk mashinasi bemalol kira
oladigan hayhotday kamin ko‘rindi. Ko‘zni ko‘r qilgudek darajada yoritilgan darbonxona ham, zina
ham bo‘m-bo‘sh edi. Endi karnaylar sadosi juda uzoqdan eshitilardi. Shu zaylda bir daqiqacha qimir
etmay turishdi.
— Qani, axir, mehmonlaringiz? — deb so‘radi Margarita Korovyovdan.
— Kelishadi, qirolicham, kelishadi, hozir kelib qolishadi. Qalashib ketishadi hali. Lekin, o‘lay agar,
bu yerda turib ularni qarshi olgandan o‘tin yorish afzal menga.
— O‘tin yorish nima ekan, — deb gapga aralashdi ezma mushuk, — men tramvayda konduktor
bo‘lib ishlashga ham rozi edim, o‘zingiz bilasiz, konduktorlikdan bema’niroq ish yo‘q dunyoda.
— Hamma narsa barvaqt shay qilib qo‘yilishi kerak, qirolicha, — deb izohladi Korovyov darz
monokl taqqan ko‘zida o‘t chaqnatib. Birinchi bo‘lib kelgan mehmonning o‘zini qayoqqa qo‘yishni
bilmay sandiroqlab yurganidan, bu asnoda uning jufti haloli — malikai dilozori, nega buncha barvaqt
keldik, deb erini qoniga tashna qilib ming‘ir-ming‘ir qilgani-dan yomon narsa yo‘q dunyoda. Agar bal
shunaqa bo‘ladigan bo‘lsa, unaqa baldan yuz o‘girmoq kerak, qirolicham.
— Albatta yuz o‘girish kerak, — deb ta’kidladi mushuk.
— Yarim kechaga atigi o‘n soniya qoldi, — deb ilova qildi Korovyov, — hozir boshlanadi.
Shu o‘n soniya juda uzayib ketgandek bo‘lib tuyuldi Margaritaga. Uning nazarida o‘n soniya
allaqachon o‘tib ketgan-u, ammo hech nima sodir bo‘lmaganday edi. Lekin shu chog‘ birdan pastda,
mahobatli kamin ichida bir nima taraqlab ketdi-yu, ichidan bir dor otilib chikdi — unga chirib to‘kila
boshlagan jasad osilgan edi. Mana shu jasad sirtmoqdan yerga uzilib tushib, birdan egniga frak,
22
Ametist — binafsha rangli shaffof tosh.