www.ziyouz.com kutubxonasi
163
koshinkor va billur pollari xuddi qon tomiridek bir me’yorda tepib turganga o‘xshardi.
Endi Margaritani hech qanday qirol ham, gertsog ham, oshiq yigit ham, o‘z joniga qasd qilganlaru
erlarini zaharlab o‘ldirganlar ham, dorga osilganlaru qo‘shmachilar ham, qamoqxona nozirlariyu qallob
qimorbozlar ham, jallodlar, chaqimchilar, sotqinlar, ovsarlar, ayg‘oqchilaru qizlarning nomusiga
tajovuz qiluvchilar ham, hattoki Gay Sezar Kaligula bilan Messalina ham mutlaqo qiziqtirmay qo‘ygan
edi. Ularning nomlari Margaritaning miyasida chalkashib ketgan, basharalari bir-biriga chaplashib
ulkan bir barkashga o‘xshab qolgan edi, faqat bir bashara — Malyuta Skuratovning olov rang soqol
gardishiga o‘ralgan yuzi xotirasiga mahkam o‘rnashib olib, unga azob berardi. Margaritaning tizzalari
bukilib-bukilib ketar, og‘riqning zo‘ridan har daqiqa yig‘lab yuborgudek bo‘lardi. Hammadan ham
o‘ng oyog‘i qattiq azob berardi unga. Kelgan mehmonlarning hammasi shu oyog‘ining tizzasini o‘pib
o‘tishavergandan u shishib, ko‘karib ketgan edi, holbuki Natasha gubka bilan yana allaqanday
xushbo‘y narsa ko‘tarib kelib, uning tizzasini bir necha bor artib ketgan edi. Tashriflar boshlanganiga
salkam uch soat bo‘lganida Margarita pastga tamoman umidsizlik bilan nigoh tashladi va birdan
ko‘zlari quvonib, bir seskanib qo‘ydi: mehmonlar oqimi siyraklasha boshlagan edi.
— Bal qonuni hamma yerda bir xil, qirolicha, — deb pichirlardi Korovyov, — hozir to‘lqin tina
boshlaydi. Ont ichib aytamanki, bu bardoshimizning eng oxirgi daqiqalari. Ana, brokenlik
ishratparastlar bir to‘da bo‘lib chiqib ketishyapti. Ular hamisha shunaqa eng keyin kelishadi. Ha,
o‘shalar. Yana ikkita mast vampir*... tamommi? E, yo‘q, ana, yana bittasi. Yo‘q, ikkita ekan!
Zinadan eng oxirgi ikki mehmon chiqib kelardi.
— Ie, bunisi yangiga o‘xshaydi-ku, — dedi Korovyov monokl shishasi orqali ko‘zini suzib
qararkan, — e, ha, tanidim. Kunlarning birida Azazello unikiga borib konyakxo‘rlik qilib o‘tirganida,
uning qulog‘iga pichirlab bir odamdan qanday qutulish yo‘lini ko‘rsatgan edi, chunki mezbon o‘sha
odamning fosh bo‘lishidan juda qo‘rqar edi. Natijada u, Azazelloning maslahati bilan, o‘ziga tobe
bo‘lgan bir tanishiga o‘sha odamning kabineti devorlariga zahar purkashni buyuradi.
— Ismi nima uning? — deb so‘radi Margarita.
— Ochig‘i, o‘zim ham bilmayman uning ismini, — dedi Korovyov, — Azazellodan so‘rash kerak.
— Uning yonidagi kim?
— Shu-da uning o‘sha hozirjavob xodimi. Men mamnunman! — deb baralla qutladi Korovyov eng
oxirgi ikki mehmonni.
Zina huvillab qoldi. Ehtiyot shart, yana bir oz kutishdi. Ammo kamin ichidan boshqa hech zog‘
chiqmadi.
Margarita bir zumdan keyin o‘zini o‘sha hovuzli xonada ko‘rib, bu yerga qanday kelib qolganiga
hayron bo‘ldi-yu, shu zahoti oyoq-qo‘llarining zirqirab og‘riganiga chidayolmay yig‘lab yuborib,
yerga yotib oldi. Lekin Gella bilan Natasha uni yupatishib, qonli dush ostiga olib borishdi-da, yana
badanini uqalay boshlashdi, shunda Margaritaga qaytadan jon kirdi.
— Yana, yana, qirolicha Margo, — deb pichirlardi uning yonida paydo bo‘lgan Korovyov, —
parvoz qilib, zallarni kezib chiqish kerak, toki aziz mehmonlar o‘zlarini e’tiborsiz qolgan deb his
etmasinlar.
Shunda Margarita yana hovuzli xonadan uchib chiqib ketdi. Valslar qiroli boshchiligidagi orkestr
muzika chalayotgan boyagi estrada sahnasida endi jazavasi tutgan maymunlar jazi quturardi. Bu jazga
qo‘liga karnay ushlagan, yonoq soqoli hurpaygan bahaybat gavdali gorilla alpang-talpang raqs tushib
dirijyorlik qilardi. Bir qator bo‘lib tizilib o‘tirgan orangutanglar yaraqlagan karnaylarni jon-jahdlari
bilan chalardilar. Ularning yelkalariga minib olgan sho‘x shimpanzelar esa garmon chalishardi. Xuddi
sherga o‘xshab yoldor ikkita gamadril royal chalar, ammo royallarning ovozi gibbonlar, mandrillar,
martishkalar
23
chalayotgan saksafonu skripkayu do‘mbiralar sadosi ostida hech eshitilmasdi. O‘zining
epchilligi, bequsur harakati bilan kishini hayratga soluvchi son-sanoqsiz sharpalar, xuddi bir-biriga
23
Gamadril, gibbon, mandril, martishkalar – turli qit’alarda yashovchi maymun toifalari.