www.ziyouz.com kutubxonasi
74
Beletajdan*: «Nega chang solasan? Bu meniki! Men tomonga uchib tushayotuvdi!» — degan ovoz
va unga javoban: «Turtma meni, agar men seni turtsam, onangni ko‘rasan!» — deb baqirgan boshqa
ovoz eshitiddi. So‘ng birdan shapaloq ovozi keldi. Shu zahoti beletajda militsioner qalpog‘i paydo
bo‘lib, u yerdan kimnidir olib chiqib ketishdi.
Xullas, odamlarning hayajoni tobora ortib borardi, agarda Fagot havoga bir puflab pul yog‘inini
taqqa to‘xtatmaganida bormi, oxiri nima bo‘lishini bilib bo‘lmasdi.
Ikkita yosh yigit ma’nodor va sho‘x ko‘zlarini urishtirib olib, o‘rinlaridan turishdi-yu, to‘ppa-to‘g‘ri
bufetga yo‘l olishdi. Teatr misoli ari uyasi edi, tomoshabinlarning ko‘zlari asabiy chaqnardi. Ha,
darhaqiqat, bu mashmashaning oqibati nima bo‘lishini hech kim ayta olmas edi — agar Bengalskiy
o‘zini qo‘lga olib, joyidan qo‘zg‘almaganida. U o‘zini yaxshilab tutib olishga urinib, odati bo‘yicha
kaftlarini bir-biriga ishqadi va ovozini mumkin qadar jarangdor qilib dedi:
— Shunday qilib, grajdanlar, hozir siz bilan biz ommaviy gipnoz deyiluvchi voqeaning shohidi
bo‘ldik. Bu — sehrgarlikda hech qanday mo‘‘jiza yo‘qligini juda aniq isbotlovchi sof ilmiy tajriba.
Endi maestro Volanddan mazkur tajribani fosh qilishlarini iltimos qilamiz. Hozir, grajdanlar, siz ana
shu pul bo‘lib ko‘ringan qog‘ozlarning qanday paydo bo‘lgan bo‘lsa, shunday zumda g‘oyib bo‘lishini
o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz.
Shunday deb u chapak chala boshladi, lekin unga bironta ham odam jo‘r bo‘lmadi, u chapak
chalayotganida chehrasida ishonchli tabassum o‘ynagan edi, ammo ko‘zlarida ishonchdan asar ham
yo‘q edi, uning ko‘zlari ko‘proq iltijoni ifodalardi.
Bengalskiy nutqi xalqqa yoqmadi. Butun zal shunday teran sukutga toldiki, uni faqat katak kamzulli
Fagot buzdi.
— Buyam yana, hali aytganimizdek, yolg‘onchilik namunasi, — dedi u takaniki singari qaltiroq va
shang‘i ovoz bilan. — Bu qog‘ozlar, grajdanlar, haqiqiy pullardir!
— Bravo! — deb bo‘kirdi bir yo‘g‘on ovoz yuqoridan.
— Sirasini aytsam, bu odam, — deb Fagot Bengalskiyni ko‘rsatdi, — jonimga tegdi. Hamma
narsaga tumshug‘ini tiqyapti, qalbaki luqmalari bilan seansga putur yetkazyapti! Nima qilsak
bo‘larkina buni?
— Kallasini olish kerak! — dedi galereyadan turib kimdir g‘azab bilan.
— Nima dedingiz? Labbay? — Fagot shu zahoti ilib ketdi bu yaramas taklifni. — Kallasini olish
kerak? Dono fikr! Begemot! — deb baqirdi u mushukka. — Bajar! Eyn, tsvey, drey!
Shunda mutlaqo kutilmagan hol yuz berdi. Qora mushukning tuklari tikkaydi, u mudhish ovoz bilan
miyovladi. Keyin g‘ujanak bo‘lib turib to‘g‘ri Bengalskiyning ko‘ksiga qoplondek sapchidi-da, uning
boshiga sakrab chikdi. Mushuk xirillagancha momiq panjalari bilan konferansening siyrak sochlarini
changallab oldi va vahshiyona chinqirgancha boshini ikki marta burab, yo‘g‘on bo‘ynidan uzib oldi.
Teatrdagi ikki yarim ming odam baravariga chinqirib yubordi. Bengalskiy uzilgan bo‘ynidagi
tomirlaridan qon tizillab otila boshladi, uning manishkasi
10
, fraki qonga bo‘yaldi. Zaldan ayollarning
jonholatda chinqirganlari eshitildi. Mushuk uzilgan boshni Fagotga berdi, u esa boshning sochidan
ushlab, uni xalqqa ko‘rsatdi, shunda bosh jon achchig‘ida butun teatrni boshga ko‘tarib baqirdi:
— Doktor chaqiringlar!
— Bundan keyin ham tuturiqsiz gaplarni javraysanmi? — dag‘dag‘a bilan so‘radi Fagot
yig‘layotgan boshdan.
— Boshqa qilmayman! — deb xirilladi bosh.
— Xudo haqqi, qiynamang uni! — lojadan ayol kishining g‘oyatda o‘tkir chinqirig‘i eshitildi,
sehrgar shu ovoz kelgan tomonga yuzini o‘girdi.
— Xo‘sh, grajdanlar, kechiramizmi buni? — so‘radi Fagot zalga yuzlanib.
— Kechirilsin! Kechirilsin! — avvaliga ko‘proq ayollarning ayrim-ayrim ovozlari eshitildi, keyin
10
Manishka — ko‘ylakning faqat frak ostidan kiyilaligan ko‘krak qismi.