Bolalarning o‘yinda birlashishlari bir necha bosqichga bo‘linadi. Birinchi bosqich bolalarning «yonma-yon» o‘yinining shakllanib borishidir. Bu ilk yoshli va kichik
guruh bolalariga xosdir. Bunday o‘yinda bolalar o‘rtog‘ining o‘yiniga qiziqish bilan qaraydilar, birga o‘ynab,
«yonma-yon» o‘tirganlaridan xursand bo‘ladilar. Bu yoshdagi bolalarning o‘yini kattalar rahbarligida ularning
xulqiga ta’sir etish orqali tashkil etiladi.
Ikkinchi bosqichda bolalar o‘yin orqali mexanik ravishda birlasha boshlaydilar. Bunday birlashishlar
qisqa muddatli bo‘ladi. Bu davrga kelib bolalardan kimning qaysi o‘yinga qiziqishi aniq bo‘la boshlaydi, bir
xil bolalar didaktik o‘yinga qiziqsalar, ikkinchilari harakatli o‘yinni yoqtiradilar, uchinchilariga ijodiy o‘yinlar
ma’qulroq bo‘ladi va h.k. Tarbiyachining vazifasi bolalarni u yoki bu o‘yin bilan uzoqroq o‘ynashga
o‘rgatishdir.
Uchinchi bosqichda o‘ynovchi bolalar guruhi bir-biriga do‘stona munosabat va o‘zaro yoqtirish orqali
birlashadilar. Birga o‘ynovchilar soni ko‘p bo‘lmasa-da, bolalar qiziqib o‘ynaydilar. Bu davrga kelib bir-
birlariga baho berish umumiy talabi yuzaga keladi. Bu bosqichda tarbiyachi bolalarning o‘yinda
birlashishlarining axloqiy asosini yuzaga keltirishi, ularda o‘zaro yordam, o‘rtoqlik, do‘stlik munosabatlarini
shakllantirishi lozim.
Bolalarning o‘yinlari qiziqarli, mazmunli bo‘lishi uchun o‘yinning hamma turlaridan o‘rinli
foydalanilsa, bolalarga ta’lim berish va ularni tarbiyalashda ijobiy natijalarga erishiladi.
Tarbiyachining o’yin jarayoniga rahbarlik qilish metodikasini egallagan bo’lishi o’yinlarni
muvaffaqiyatli o’tkazishning asosiy sharti hisoblanadi. Pedagog o’yin faoliyatiga rahbarlik qilar ekan,
bolalarni asta – sekin va “sezdirmasdan” qiziqarli o’yin vazifalarini bajarishda mustaqillik va topqirlik
ko’rsatish, yuzaga kelgan o’yin vaziyatida chaqqon va intilib harakat qilish, o’rtoqlik yordami berish, hamma
uchun umumiy bo’lgan maqsadga erishishga va bunday quvonishga o’rgatib boradi.
Tarbiyachining vazifasi har bir bolani faol o‘yinga jalb qilish, bolalar o‘rtasida do‘stlikka,
haqqoniylikka, o‘rtoqlarini javobgarlikni sezishga asoslaigan munosabatlar o‘rnatishdan iboratdir. O‘yinni
bolalar o‘z ixtiyorlari bilan o‘ynaydilar, ammo boshqa hech bir faoliyatda o‘yindagi singari bolalarning xulqi
bilan bog‘liq bo‘lgan qat’iy qoida yo‘q. Bunday qat’iy qoida ijodiy o‘yinga ham, qoidali o‘yinga ham, qoidani
bolalar o‘zlari o‘rnatadigan o‘yinga ham tegishlidir.