5-MAVZU: Tog`ayli baliqlar sinfi. Akulaning tashqi va ichki tuzilishi Darsning maqsadi: Akulaning morfo-anatomik tuzilishini o’rganish bilan tog’ayli
baliqlar bo’yicha bilimlarni mustahkamlash.
Mavzu bo’yicha umumiy ma’lumotlar. Tog’ayli baliqlar baliqlar katta sinfi ichida eng qadimgilaridan hisoblanadi. Baliqlar ichida
eng primitiv bo’lgan bu baliqlarga akulalar, skatlar va o’ziga xos ximeralar kiradi. Bularning
hammasi tubandagi primitiv belgilari bilan xarakterlanadi: terisi yo plakoid tangachalar bilan
qoplangan, yoki yalang’och bo’ladi (ximeralar va ba’zi bir skatlar), jabra yoriqlari
minogalardagidek tashqariga ochiladi, faqat ximeralarda jabra yoriqlarini berkitadigan teri
pardalar bo’ladi. Skeletlari faqat tog’aydan iborat bo’lib, unda suyak yo’q (biroq skeletiga ohak
singgan bo’lishi mumkin), toq suzgich qanotlari bilan juft suzgich qanotlarining distal qismini
elastik («shox moddali») shu’lalar tutib turadi, odatda, gavda sirtigacha chiqadigan keng jabraaro
to’siqlar bo’ladi, havo pufakchalari va o’pkalari yo’q. Juft suzgich qanotlari gorizontal xolda
joylashgan. Kloakasi bor. Shunga o’xshash bu baliqlarning tuzilishida ko’riladigan tubandagi
progressiv xususiyatlar ham xarakterli belgilar qatoriga kiradi: bosh. miyasining oldingi miya
yarim shari juda kuchli takomil etgan (baliqlar uchun) bo’ladi, erkaklarida qorin suzgich
qanotlarining bir qismi o’zgarib, o’ziga xos kopulyativ organga aylanadi, urug’lanish hodisasi ichki
bo’lib, urg’ochilari yo qattiq shoxsimon parda bilan o’ralgan katta tuxum qo’yadi, yo bo’lmasa,
rivojlanishi bachadonda o’tadigan tirik bola tug’adi.
Tuxum qo’yuvchilarda tuxumlarining rivojlanishi 4-14 oy, tirik tug’uvchilarda esa 6-9 oy
davom etadi.
Tog’ayli baliqlar turlari orasida uzunligi 15 sm keladigan ba’zi skatlar bilan bir qatorda
15 m va hatto 20 m gacha boradigan kitsimon akulalar bor. Tog’ayli baliqlar Kaspiy dengizidan
tashqari barcha okean va dengizlarda uchraydi. Tog’ayli baliqlar mezozoyning o’rtalarida juda
keng tarqalgan va xilma-xil bo’lgan. Mezozoyning keyingi davrlaridan boshlab tabiiy tanlanish
jarayonida ularni o’rnini suyakli baliqlar egallay boshlagan.
Tog’ayli baliqlar dunyo miqyosida ovlanadigan baliqlarning 1,5-2% ini tashkil etadi.
Avstraliya va Yaponiyada ko’pchilik tog’ayli baliqlar ozuqa sifatida ishlatiladi. Akulaning
jigaridan vitamin «A» ga boy bo’lgan baliq yog’i olinadi. Bulardan tashqari, akula va skatlarning
terisidan poyabzal va galanteriya mahsulotlari tayyorlanadi.