www.ziyouz.com kutubxonasi
77
«Alloh taolo buyuryaptiki, – demoqdalar Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:
«Ey odam farzandi!».
Hammamiz Odam alayhissalom farzandlarimiz. Shuning uchun hammamiz, aka-ukalar,
birodarlarmiz. Odam alayhissalomning tuproqdan yaratilganligiga ko’ra barchamizning
asl xamirturushimiz tuproq bo’lganligi uchun buni unutmasligimiz, kamtarin bo’lishimiz
lozim. Alloh taolo bizlardagi barcha yomon axloqlarni shu muborak ramazon oyida isloh
qilsin. Kibr, ujb, g’urur, hasad, kin va shunga o’xshash yomon illatlardan xalos etib,
axloqi hamidaga erishtirsin.
Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Me’roj kechasi Odam alayhissalom bilan
uchrashib, gaplashganlar. Ul zot O’ng tomonlariga qarab kularkanlar, chap tamonlariga
qarab yig’larkanlar. O’ng tomonlariga qaraganlarida imonli – mo’min farzandlarining
ruhlariga qarab, ularning jannatiy bo’lishlaridan sevinib kularkanlar.
Chap taraflariga qarab esa, g’ofil, johil, mujrim va gunohkor farzandlarini ko’rib, ularning
azobga giriftor bo’lishlarini o’ylab, yig’larkanlar.
Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam buyuradilarki: «Dunyodagi insonlarning
amallari jum’a kechalari oxiratga ketgan, vafot etgan buyuklariga qabrda arz qilinarkan.
Shunda ular dunyodagi farzandlarining bajargan savob ishlaridan sevinar, qabrlarida
yorug’lik ortib, mamnunliklari ortar ekan. Bajargan yomonliklari arz etilgudek bo’lsa, u
holda suyaklari zarar ko’rib, xafa bo’larkan».
Shuning uchun ham Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bu hadisi sharifning
oxirida bizlarga tanbeh berib:
«Allohdan qo’rqing va o’tganlaringizga ozor bermang! O’ldilar, ketdilar, endi ularni
qabrida bezovta qilib, ranjitmang!» – demoqdalar.
Gunoh qilish bilan kishi o’ziga zulm qilgan bo’ladi, bu – bir. O’ziga zulm etibgina
qolmasdan, boshqalarga zarar ham yetkazadi. Birinchi bo’lib sevgili ota-onasiga zarar
beradi. Qabrda ularni bezovta qiladi, ranjitadi. Chunki, ularning ruhlari his etadilar,
nimaiki yomonlikni bajarsalar, farishtalar ularga bildiradi.
Agar ota-onangizni sevsangiz, agar ularga nisbatan farzandlik burchini chiroyli ado
etishni xohlasangiz, agar ularni sevintirishni o’ylayotgan bo’lsangiz, ular uchun
gunohlardan voz keching! Alloh uchun voz keching, nafsingizni qutqarish uchun voz
keching, ota-onangizning xotiri uchun, bobongizning xotirasi uchun voz keching! Chunki,
ularga bildiriladi va ular ranjiydilar.
Hadisi sharifda o’qigan edim, gunohning boshqalarga ham zarari tegadi.
Gunoh boshqa kishi uchun ham shumlik keltiradi. Agar biror kishi gunohkorni «Hayf
senga! Shunday ham bo’ladimi? Uyatsiz, ahmoq...», – deb ayblasa, aybini oshkor qilsa,
Alloh shu qusurni gunohkorni ayblagan kishining ham boshiga solib qo’yadi. Chunki Alloh
birovning aybini oshkor qilgan odamni yomon ko’radi. Hattoki, ochiq bir aybi tufayli
birovni izza qilgan, uyaltirgan, unga ta’na qilgan odamni ham Alloh yomon ko’radi.
Demak o’zi ham gunohga botmasligi uchun, Allohning g’azabiga uchramaslik uchun,
hech kimni, hattoki, ochiqdan ochiq gunoh ish qilayotgan odamni ham ayblab bo’lmaydi.