Vijdon ham axloqshunoslikning boshqa ba’zi asosiy tushunchalari kabi baholash
xususiyatiga ega. Lekin bu baholash hech qachon ob’ektga qaratilmaydi, u sub’ektning xatti–
harakatlarini baholaydi, ya’ni unda sub’ekt o‘zi uchun ichki ob’ekt vazifasini o‘taydi. Ba’zan
jamiyat talablari bilan vijdon o‘rtasida ixtiloflar chiqishi mumkin. Bunda vijdon emas, jamiyat
talablarining o‘tkinchilik xususiyati, ma’lum ma’noda eskirganligi aybdordir. Zero, vijdon ko‘zga
ko‘rinmas, lekin ulkan va mutlaq aybsiz axloqiy hodisadir.
Nomus.
Asosiy tushunchalardan yana biri – nomus. Nomus tushunchasi bir tomondan, burch
bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi jihatdan, qadr–qimmat tushunchasiga aloqador. Zero, nomus
mohiyatan shaxsning o‘z qadr–qimmatini anglab etishi, shu qadr–qimmatning jamiyat tomonidan
tan olinishi yoki olinmasligiga nisbatan bo‘ladigan munosabati bilan belgilanadi.
Biroq, bu – nomus qadr–qimmat tushunchasi bilan bir xil ma’noga ega, degani emas. Chunki
qadr–qimmat shaxsdan o‘zining boshqa odamlarga nisbatan kamsitilmasligini, atrofdagilardan
barcha insonning teng huquqliligi tamoyilini o‘ziga nisbatan qo‘llashlarini talab qiladi. Nomus esa
o‘z qadr–qimmatini bilishdan tashqari, har bir shaxsning jamiyatda alohida, o‘ziga xos tarzda
egallagan mavqei va shu mavqeni dog‘ tushirmay saqlash–saqlamasligi bilan bog‘liq. Bu mavqe
esa, shubhasiz, o‘sha shaxsning ijtimoiy hayotdagi o‘rni, kasbi, yoshi va unga nisbatan beriladigan
axloqiy daraja bilan muayyanlashadi. Masalan, uyingizda bir kun kelib oddiy ishlarni bajarib
ketadigan mardikor bilan nomi ketgan mashhur binokor–ustaning, bosh vazir bilan kotibaning,
bobo bilan nabiraning nomusni tushunishi bir xil emas. SHu ma’noda qadr–qimmatni nomus
tushunchasining dastlabki bosqichi, ibtidosi deb aytish mumkin.
Dostları ilə paylaş: