Таълими методикаси book · December 022 citations reads 2,437 author


 Sho‘rolar davrida O‘zbekistonda geografiya ta’limi



Yüklə 56 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə21/149
tarix19.12.2023
ölçüsü56 Kb.
#186668
1   ...   17   18   19   20   21   22   23   24   ...   149


2.4. Sho‘rolar davrida O‘zbekistonda geografiya ta’limi 
O‘zbekiston maktablarida geografiya ta’limini (darsliklar va dasturlari 
mazmunini, o‘qitish metodlari, o‘quv moddiy bazasi, kadrlar tayyorlash va boshqa 
xususiyatlarga ko‘ra) 4 ta bosqichga ajratish mumkin.
 
1 – bosqich 1918 – 1934 yillarni o‘z ichiga oladi. Bu davr o‘zbek (sobiq 
sovet) maktablarida geografiya o‘qitishni yo‘lga qo‘yish bosqichi hisoblanadi. Bu 
bosqichda eski tipdagi maktablar bilan yangi tipdagi sovet maktabi geografiyasiga 
asos solindi. Yangi dasturlar asosida (1922 – 1923 yillarda) o‘qitishning 
«kompleks dasturlari» ishlab chiqildi. Bu turli variantlarda bo‘lib, bir necha marta 
o‘zgardi va 10 yil mobaynida qo‘llanildi. Geografik materiallar kompleks 
mavzular orasiga singib ketdi. Geografiyani o‘rganish juda past saviyada olib 
borildi. Kompleks dasturlarning uzoq hukumronligi maktab geografiyasi uchun 
og‘ir davr bo‘ldi. 1925 – 1926 yillarda maktablarning yuqori sinfida geografiya 
dasturlari umuman chiqarib tashlandi. Geografiya, tibbiyot, fizika, ijtimoiy fanlar 
tarkibida o‘rganildi. Kartani o‘rganish nihoyatda zaif holatga tushdi. Yuqoridagi 
fanlar geografiyani o‘qitish vazifalarini mutloqo bajara olmas edi. Kompleks 
metod aslida predmetsiz o‘qitish hisoblanadi. 
2 – bosqich 1934 – 1955 yillarni o‘z ichiga oladi. O‘zbek maktablarida 
geografiya o‘qitishning muayyan bir tartibga tushish bosqichi. Bu davrda yagona 
dastur asosida muayyan darsliklar yaratildi. O‘quvchi va o‘qituvchilar uchun o‘quv 
qo‘llanmalari ko‘proq nashr etila boshlandi. O‘zbek tilida metodik qo‘llanmalar 
vujudga kela boshladi. Maktab geografiyasi ravnaqiga munosib hissa qo‘sha 
oladigan metodistlar, geografiya o‘qituvchilari yetishib chiqa boshladi. Ko‘plab 
metodik kitoblar o‘zbek tiliga o‘girildi. 
3 – bosqich 1956 – 1966 yillar. Bu davrni maktab geografiyasini turmush 
bilan bog‘lash bosqichi desa bo‘ladi. Bu davrda maktab geografiyasi bo‘yicha 
ilmiy tadqiqot ishlar olib borildi. O‘qitishning samarali xillari tobora kengroq joriy 
qilina boshlandi. Mahalliy aholidan milliy kadrlar, yirik geograf va metodistlar 
yetishib chiqdi. O‘quvchi va o‘qituvchilar uchun ilmiy ommabop va metodik 
adabiyotlar tarjima qilindi. Geografik atama va nomlar borasida olib borilgan ishlar 
ma’lum bir tizimga tusha bordi. 


70 
4 – bosqich 1967 – 1990 yillar. Bu davrda ta’lim sohasida turli o‘zgarishlar 
paydo bo‘ldi. O‘quv ko‘rgazmali qo‘llanmalar chop qilindi. Ta’limni isloh qilish 
borasida bir qator tadbir va o‘zgarishlar amalga oshirildi. Muayyan darsliklar 
tizimi yaratildi va yangi o‘quv kartalari tayyorlandi. O‘lkashunoslik ishlariga 
e’tibor bir muncha kuchaydi. Ammo O‘zbekiston geografiyasini o‘rganish 
bo‘yicha soatlar hajmi 20% dan oshmadi. 
Oktabr to‘ntarishidan keyin sovet maktabi isloh qilina boshlandi. Dastlab 
maxsus qarorlar asosida 9 yillik yagona mehnat maktablari tashkil etildi. Bu 
maktab ikki bosqichdan iborat edi. Birinchi bosqich 1-5 sinflar, 2 – bosqich 6-9 
sinflardan iborat. Bunday maktabda geografiya ta’limi maqsad va mazmun 
jihatdan o‘zgardi. 
1918 – 1922 yillarda geografiyada namunaviy dasturlar paydo bo‘ldi. Bunda 
ayrim landshaftlarning xususiyatlarini o‘rganishga ko‘proq e’tibor berildi. O‘sha 
davrlar «landshaft dasturlari» bilan mashhurdir. Masalan «Ovchilar landshafti», 
«Ko‘chmanchilar landshafti» va h.k. 
Landshaft dasturlari o‘zini oqlamadi. 1921-yilda geograf D.N. Anuchin 
rahbarligida umumdavlat ahamiyatiga ega bo‘lgan geografiya dasturi loyihasi 
ishlab chiqildi. Ungacha ayrim hududlar, hatto, ayrim maktablar huddi landshaftlar 
dasturiga o‘xshash bo‘lgan dasturlarni o‘zlari tuzar edilar. Anuchin dasturi oktabr 
to‘ntarishiga qadar bo‘lgan geografiya ta’limining eng yaxshi tomonlarini qisman 
bo‘lsa ham o‘zida aks ettirgan bo‘lib, unda geografiyani o‘qitish sinflar bo‘yicha 
taqsimlangan edi. 
Anuchin dasturiga muvofiq 3 – sinfda o‘z qishlog‘i, shahari, guberniyasi 
o‘rganilar edi. Uni mamlakatshunoslik deb atadi. O‘quvchilar geografik nomlar, 
tushunchalar geografiyaga oid rasmlar bilan tanishtirilar edi. 4 – sinfda 
mamlakatlar turli mintaqalarning tabiati, insonlar hayotini aks ettiruvchi rasmlar 
namoyish qilinar edi. 5 – sinfda mamlakatshunoslikga oid bo‘lgan ma’lumotlar va 
qit’alar geografiyasi o‘rganiladi. 6 va 7 – sinflarda Rossiya geografiyasi, 8 – sinfda 
iqtisodiy geografiya, 9 – sinfda astranomiya va astrologiya o‘tilar edi. Mazkur 
dastur o‘quvchilarning geografiyaga oid bilimlarni oshirishda katta rol o‘ynaydi. 
Unda geografiyaga ajratilgan soatlar miqdori ancha ko‘p edi. 1924-yildan 1930-
yillarda maktab geografiya ta’limi uchun og‘ir yillar bo‘ldi. 1924-yildan boshlab 
maktab geografiyasi yangi dasturlar asosida ishlashga o‘tdi, ammo bu darsliklar 
bo‘yicha geografiya alohida predmet sifatida qaralmagan. Unda geografiyadan 
uzuq – yuluq bilim berilardi. 1-4 sinflarda alohida geografiya kurslari o‘rnini 
kompleks mavzular egalladi. Bu mavzular mazmuniga qisqacha geografik blis 
so‘rov sifatida mahalliy tabiat va xo‘jalik bilimlari berilar edi. 4-sinfda Rossiya 
geografiyasi va boshqa fanlar geografiya bilan birgalikda o‘rgatilar edi. Masalan 1 


71 
– sinfda yil fasllari, 2 – sinfda Rossiya geografiyasi va boshqa, fanlar geografiyasi 
o‘rgatilar edi. 
Ikkinchi bosqich sinflarida geografiya biologiya, tarix, jamiyatshunoslik 
fanlari tarkibiga singib ketgan edi. Tabiiy geografiya va mamlakatshunoslik 
haqidagi bilimlar nochor ahvolga tushib qoldi. Xullas, kompleks dasturlarning 
qabul qilinishi geografiyani mustaqil fan sifatida barham topishiga olib keldi. 
Faqat 1927 yilda avval 1 – bosqich maktablarda, keyinroq 2 – bosqich sinflarda 
geografiya fan sifatida qayta tiklandi. O‘zbekistonda 1920 – 1930 yillar oralig‘ida 
geografiya darsliklari rus tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilindi. G.I. Ivanovning 
«Boshlang‘ich jug‘rofiya» darsligi geografiya darsliklarining to‘ng‘ichi edi. Bu 
darslik 1927-yildan N.L.Korjenevskiy yordamida N.P.Arxangelskiy tomonidan 
o‘zgartirib nashr qilindi. G.I.Ivanovning J.Baxtiyorov va Makarov bilan 
hamkorlikda birmuncha o‘zgartirib nashr qilingan «Jug‘rofiya ham o‘lkani 
o‘rganish» darsligi ham o‘zbek tilidagi dastlabki darsliklardan edi. Bu davrda 
N.Balashovning «O‘zbekiston va unga qo‘shni jumhuriyatlar hamda viloyatlar» 
(1925), N.P.Arxangelskiyning «Jug‘rofiya» (O‘lkani o‘rganish darsligi, 1933), A. 
Obizovning «O‘zbekiston Sotsialistik Sho‘rolar Jumhuriyati» (1934) darsliklari 
geografiya ta’limida katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu darslik o‘z respublikasini 
o‘rganish bo‘yicha birinchi darslikdir. N.I.Leonov tomonidan “Jo‘g‘rofiya 
metodikasi bo‘yicha ocherklar” (1933) geografiya o‘qituvchilari uchun o‘zbek 
tilida chiqqan dastlabki qo‘llanma bo‘ldi.
Geografiya metodikasi suhbatlar metodida yozilgan bo‘lib, u talay 
kamchiliklarga ega edi. Unda kartalar bilan ishlash metodlari yoritilmagan edi. 
O‘zbekiston maktablarida geografiya o‘qitish samaradorligini oshirishda 1925-
yildan boshlab chop etilayotgan «Maorif va o‘qituvchi» jurnalining roli katta 
bo‘ldi. Jumladan, ushbu jurnallarning 1925-yil 5-6 sonlarida «Jug‘rofiyaning 
foydasi», «Lug‘at va atamalar», «Samarqand», «Maktabda o‘lkani o‘rganishning 
ahamiyati», «Muz davrining oxirlarida Yevropada qanday irqlar yashaganlar», 
«Sahroi Kabir» va boshqa o‘nlab geografiyaga oid maqolalar e’lon qilinadi. Bu 
jurnal geografiya o‘qituvchilariga ilmiy va metodik jihatdan yaqindan yordam 
bergan. 1931 yil 4 – iyuldan «Madaniy inqilob» (keyinchalik «O‘qituvchilar 
gazetasi», hozirda «Ma’rifat») gazetasi chiqa boshladi. Unda geografiya ta’limiga 
oid yuzlab ilmiy, uslubiy maqolalar e’lon qilinadi. Geografiya ta’limida kadrlar 
yetishtirish masalasi sekin – asta yo‘lga qo‘yildi. 1927-yilda Samarqand oliy 
pedagogika instituti ochildi. 1930-yillar oxirlariga oliy ma’lumotli geografiya 
o‘qituvchilari yetishib chiqa boshladi. Bular N.Ibadov, G.Nazarov, I.Mirzaboev, 
A.Ahrorov va boshqalar edi. 1930-yillarning o‘rtalarida Toshkent, Buxoro, 
Samarqand keyinchalik Nukus, Urganch, Qo‘qon, Andijon shaharlarida 
pedagogika institutlari ochildi. 


72 
Maktab geografiyasining taqdirini hal etishda VKP (b) ning 1931 yil 5 – 
sentabr va 1932 yil 25 – avgust qarorlari muhim o‘rin tutadi. Geografiyani boshqa 
metodlar tarkibida o‘rganishga qat’iy xotima berdi. Geografiyani boshqa 
predmetlar orasida teng huquqli bo‘lishiga imkon yaratdi. Geografiyaning alohida 
fan ekanligini isbotlab berdi. 
Pedagogika institutlarida geografiya o‘qituvchilarini maxsus tayyorlash 
masalalari ham hal etildi. Geografiya dasturini, kartani, tabiiy geografiya asoslarini 
bilish kapitalistik mamlakatlarni o‘rganish zarurligi masalalari qarorda o‘z 
ifodasini topdi. O‘zbekistonda maktab geografiyasi taqdirini hal qilishda VKP (b) 
ning 1934-yil 16-mayda “Boshlang‘ich va o‘rta maktabda geografiya o‘qitilishi 
to‘g‘risida” degan qarori alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Qarorda boshlang‘ich va 
o‘rta maktablarda geografiya o‘qitishning sifatsizligi, kartalarning maqsadga 
muvofiq emasligi, mavzularning quruqligi, darsliklarning raqamlar bilan to‘laligi, 
ayniqsa, maktabni bitirib chiqayotgan o‘quvchilarning geografiyadan bilimlarining 
sayoz va sifatsizligi tanqid ostiga olindi. Qaror geografiyani har bir sinfda qanday 
o‘qitish to‘g‘risida ayrim ko‘rsatmalar berdi. Bu qarorga muvofiq geografiya 
ta’limi 3 bo‘g‘inga bo‘lib o‘qitila boshlandi (boshlang‘ich, yetti yillik, o‘rta). 
Geografiyadan haftalik soatlar birmuncha ko‘paydi. Bu qaror o‘quvchilar yoshini 
e’tiborga olgan holda ko‘rgazmali va qiziqarli bayon qilishni talab qiladi. 1934 – 
1935 o‘quv yilidan boshlab yangi o‘quv dasturlariga o‘tildi. Qarorga binoan 
umumittifoq darsliklarining o‘zbekcha tarjimalari 1936 yildan nashr qilina 
boshlandi, jumladan, 5 - sinf uchun A.S.Barkov va A.A.Polovinkinlarning “Tabiiy 
jug‘rofiya”si, 6-sinf uchun G.I.Ivanovning “Dunyo qit’alari jug‘rofiyasi”, 7-sinf 
uchun N.N.Baranskiyning “SSSR tabiiy jug‘rofiyasi” (I-qism, umumiy obzor) va 
S.V.Chefranovning “SSSR tabiiy jug‘rofiyasi” (II-qism, rayonlar obzori), 8-sinf 
uchun N.N.Baranskiyning “SSSR iqtisodiy geografiyasi” va 9-sinf uchun 
I.A.Vitverning “Kapitalistik mamlakatlar iqtisodiy geografiyasi” kabi darsliklari 
nashr qilindi. Bu darsliklar yangi dasturlar asosida yozilgan bo‘lib, ular bir necha 
yil davomida nashr qilindi. Ushbu darsliklar tarjima qilinganligi sababli 
darsliklardagi o‘lka materiallari O‘zbekiston sharoitiga to‘g‘ri kelmas edi. Shu 
yillari 
N.P.Arxangelskiyning 
“Boshlang‘ich 
maktablarda 
jug‘rofiyadan 
ko‘rsatmalari qo‘llanmalari”, F.A.Ushinsovning “Geografiyadan metodik 
materiallari” (1939 y.) o‘qituvchilar uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. 
Geografik atamalar va nomlarni o‘rganish maqsadida O.Ibragimovning 
“Geografiya atamalari” (1935 y.), R.G‘ofurov va N.G.Maliskiy hamda 
M.T.Bektemirov va S.Saidrasulovlarning “Qisqacha ruscha-o‘zbekcha geografiya 
terminlari lug‘ati” (1940 y.) nashr etildi. Bu dasturlarga asosan yangi darsliklar, 
ilmiy ommabop adabiyotlar, atlas va kartalar, o‘qituvchilar uchun o‘quv metodik 
qo‘llanmalarni yaratishga kirishildi. 1934 yilgi qarordan keyin «Geografiya v 


73 
shkole» jurnalining chiqa boshlashi nafaqat Rossiyada, balki O‘zbekistonda ham 
geografiya ta’limini rivojlantirishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Ilg‘or 
o‘qituvchilar, oliy va o‘quv yurtlari o‘qituvchilari geografiyadan darslik va boshqa 
qo‘llanmalar yaratishga jalb etildi. Darslarda o‘quvchilarning mustaqil va amaliy 
ishlariga e’tibor kuchaydi.
1935 yilda O‘rta Osiyo universitetida geografiya – geologiya fakulteti 
tashkil 
etildi. 
1935-1940 
yillar 
mobaynida 
O‘zbekistonda pedagogika 
institutlarining aksariyatlarida geografiya mutaxassiligi ochildi. 1943 yilgacha 
Respublikada 10 ga yaqin o‘qituvchilar instituti ochildi. Geografiya o‘qituvchilari 
ehtiyojlarini e’tiborga olib, ularga metodik yordamlarini kuchaytirish maqsadida 
o‘qituvchilar malakasini oshirish institutlari, ular bazasida esa geografiya 
kabinetlari (kafedralari) tashkil etiladi. Geografiya ta’limining har tomonlama 
rivojlanishida buyuk iqtisodiy – geograf olim N.N.Baranskiyning xizmatlari katta. 
U mualliflik qilgan “Iqtisodiy-geografiya” darsligi 20 yil mobaynida muntazam 
tarzda nashr etilib turildi. N.N.Baranskiy «o‘qituvchi – ta’lim jarayonida markaziy 
figura» deb qayta – qayta ta’kidlagan. U geografiya ta’limida yetakchi o‘rinni karta 
va ko‘rsatmalilik egallashi zarur deb «Karta – geografiyaning ikkinchi tilidir», 
«Karta – geografiyaning alfasi va omegasi», «Birgina karta bir necha varaq 
matnning o‘rniga o‘tadi» degan o‘lmas fikr va g‘oyalarini o‘rtaga tashlaydi. 
N.N.Baranskiy Sobiq Ittifoq miqyosida geografiya o‘qituvchilari tayyorlash ishiga 
ulkan hissa qo‘shgan buyuk shaxsdir. 
Ikkinchi jahon urushi (1939 – 1945) ham geografiya ta’limiga o‘z ta’sirini 
ko‘rsatmasdan qolmadi. Ko‘pgina geografiya o‘qituvchilari frontga jo‘nab ketdilar. 
Oliy o‘quv yurtlarida mutaxassislar tayyorlash izdan chiqdi. O‘quv qo‘llanmalar 
umuman yetishmay qoldi. Urushdan keyingi yillarda maorif sohasida talaygina 
yutuqlar qo‘lga kiritila boshlandi. Dastlab 4 yillik, keyin 7 va 8 yillik (majburiy) 
to‘liq o‘rta ta’limga bosqichma – bosqich o‘tilishi, ta’lim mazmunini tubdan qayta 
qurishga yordam berdi. Bu davrda geografiya o‘qituvchilari diqqati ko‘proq o‘quv 
jarayonini amaliyot bilan bog‘lashga qaratildi. Geografiya ta’limini hayot bilan 
bog‘lash borasida tabiiy sharoitning xalq xo‘jaligidagi ahamiyatiga katta e’tibor 
berildi. O‘z o‘lkasi geografiyasini o‘rganish va o‘z joyining kartasini chizish, ob – 
havoni kuzatish, o‘z joyidagi barcha tabiiy kompleks komponentlarini o‘rganish 
geografiyani turmush bilan bog‘lashga qaratildi. Maktabni turmush bilan bog‘lash 
haqidagi qaror asosida o‘quvchilarning mustaqil ishlariga katta e’tibor berildi. 
O‘zbekiston geografiyasini o‘rganish bir muncha kuchaydi. 1953-1954 o‘quv 
yillaridan boshlab amaliy mashg‘ulotlarni uyushtirish majburiy tarzda maktab 
geografiya dasturlariga kiritildi. O‘quvchilar dunyoqarashini shakllantirishga, 
mehnatga muhabbat ruhida tarbiyalashga e’tibor kuchaydi. 1958-yil 24-dekabrda 
Oliy Sovetning maktab haqidagi qonuni geografiyaning takomillashuvida katta 


74 
ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu qonun boshqa fanlar qatori geografiya ta’limini ishlab 
chiqarish mehnati bilan yaqinlashtirishga e’tiborini kuchaytirdi. 
Geografiya ta’limida o‘z o‘lkasini chuqurroq o‘rganishga bo‘lgan talab 
oshdi. O‘zbekistonda geografiya ta’limini takomillashtirishda bir qancha ilmiy 
maskanlar va oliy o‘quv yurtlari qatori Pedagogika fanlari ilmiy tekshirish 
institutidagi geografiya laboratoriyasining xizmatlari katta bo‘ldi. Bu institut 
geografiya laboratoriyasida. P.Musaev rahbarligidagi metodist geograf olimlar 
maktabda geografiya o‘qitishni takomillashtirish bo‘yicha qator izlanishlar olib 
bordi. P.Musaev mustaqillikka qadar bo‘lgan yillarda ham hadiksiramasdan milliy 
maktab muammolari bo‘yicha g‘oyat dadil fikrlarini ilgari surdi. 
1960-yildan boshlab geografiya ta’limi metodikasiga oid maxsus qo‘llanma 
va darsliklar nashr etila boshlandi. O‘sha davrlarda O‘zbekistonda geografiya 
fanini takomillashtirishda A.Obizov, O.Saidrasulov, H.Hasanov, N.Dolimov, 
Z.Akramov, O.Mo‘minov, M.Nabixonov, I.Mirzaboev va boshqalarning xizmatlari 
katta bo‘ldi. Umumta’lim maktablari va oliy o‘quv yurtlari uchun geografik 
adabiyotlar, darslik va metodik qo‘llanmalarni tarjima qilish keng tus oldi. Bunda 
H.Hasanov, Yu.Sultonov, M.Qoriyev, P.G‘ulomov, R.Rahimbekovlar unumli 
mehnat qildilar. Jumladan, P.Budanovning «Tabiiy geografiya metodikasi» (1950), 
N.F.Kurazovning “Geografiya o‘qitish metodikasi” (1962), A.V.Darinskiyning 
«Geografiya o‘qitish metodikasi» (1964), N.Dolimovning «O‘zbekiston tabiiy 
geografiyasi» yangi darslik bo‘lib chiqadi. 1960 yillardan boshlab O‘zbekistonda 
geografiya ta’limi metodikasining turli yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari 
olib borildi. O.Mo‘minov «O‘zbek maktablarida tabiiy geografiya o‘qitish 
masalalari» (1967), T.Abdullaeva «Tabiiy geografiya o‘qitishda o‘lkashunoslik 
materiallaridan foydalanish» (1967), M.Nabixonov «SSSR geografiyasida badiiy 
ko‘rsatmali vositalarining roli va qo‘llanilishi» (1969), P.Musaev «O‘zbekiston 
iqtisodiy 
geografiyasining 
o‘qitish xususiyatlari» (1968), M.Jo‘raboev 
«O‘zbekiston maktablarida geografiya o‘qitishda predmetlararo aloqalarni joriy 
etish» (1969), M.Asanov «Topografiyadan amaliy mashg‘ulotlar uyushtirish» 
(1970), S.Abduvohidov “Universitet ta’limi tizimida o‘qituvchilarni kasbiy 
jihatdan tayyorlash (geografiya fakultetlari misolida)” (1982), M.Yunusova 
«Geografiya 
ta’limida 
natural 
qo‘llanmalardan 
foydalanish» 
(1985), 
R.Qurbonniyozov «Geografiyadan fakultativ mashg‘ulotlarda o‘quvchilarni 
mehnatga yo‘naltirish» (1986) mavzulari bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyalarini 
himoya qildilar. Respublikamiz umumiy o‘rta ta’lim maktablarida va oliy o‘quv 
yurtlarida geografiya o‘qitish metodikasini rivojlantirishda O‘zbekiston Milliy 
universitetining professori H.Hasanovning xizmatlari katta bo‘ldi. Zahmatkash 
olim Hamidulla Hasanov o‘quvchilar va geografiya o‘qituvchilari uchun o‘nlab 
ilmiy maqolalar, ilmiy ommabop adabiyotlarni o‘quvchilar diqqatiga havola etdi 


75 
va nashr ettirdi. Bular: «Geografiya terminlari lug‘ati» (1964 y.), «Sayyoh 
geograflar» (1965 y.), «Yer tili» (1967 y.), «Mahmud Koshg‘ariy» (1965 y.), 
«Geografik nomlar imlosi» (1962 y.), “Sayyoh olimlar” (1985 y.) va boshqalar 
bunga misoldir. Ayniqsa, olimning tashabbusi bilan Toshkent shahrida 
O‘zbekiston Milliy universiteti geografiya fakultetida katta hajmdagi 
“Globus”ning o‘rnatilishi maktab o‘quvchilari va talabalarni Yer zaminini to‘liq 
idrok qilishga, Ona tabiatni sevish, unga mehr-muhabbat qo‘yishga, ko‘z 
qorachig‘idek asrashga da’vat etadi.
1960-1970 yillar oralig‘ida geografiya o‘qitish metodikasiga oid o‘nlab 
o‘quv qo‘llanmalari chop etildi va tarjima qilindi: Bular: M.Qoriyevning «O‘rta 
Osiyo tabiiy geografiyasi» (1964-1968), O.Mo‘minov, E.Belskaya 2-3 sinflar 
uchun «Tabiatshunoslik», M.Qoriyev, N.Dolimov, O.Mo‘minov «O‘zbekiston 
tabiiy geografiyasi» (7-sinflar), Z.Akramov, P.Musaev. «O‘zbekiston iqtisodiy va 
ijtimoiy geografiyasi» (8-sinflar), M.Nabixonov, E.Safarov, G.Asanovlarning 
«O‘zbekiston ijtimoiy va iqtisodiy geografiyasi» (Oliy o‘quv yurtlari), P.Musaev 
«O‘zbekiston SSR iqtisodiy geografiyasini o‘qitish» (1977), O.Mo‘minov 
«Geografiya ta’limi metodikasi» (1978), P.Musaev, R.Qurboniyozovning 
«Geografik o‘yinlar» (1978, 1990), N.Abdug‘aniev. «Geografiya darslarida 
ta’limining texniklaridan foydalanish» (1990) kabi o‘nlab darslik, o‘quv va 
metodik qo‘llanmalari chop qilindi va geografiya o‘qituvchilari, talabalarga havola 
etildi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bu davrlarda geografiya metodikasining 
erishgan yutuqlari bevosita geografiya o‘qituvchilari amaliyoti bilan muntazam 
bog‘langan edi. Natijada geografiya ta’limi metodlari bo‘yicha mahalliy sharoit 
e’tiborga olingan holda nazariyalar paydo bo‘ldi. Bu nazariyalar, asosan, 
«География в школe», «Sovet maktabi» jurnali, «O‘zbekiston geografiya 
jamiyati» to‘plamlarida o‘z aksini topdi. 
Respublikamizda atlas kartalar, kontur kartalar, darslik va o‘quv 
qo‘llanmalarining nashr etilishi, yuqoridagilarni tasdiqlashi mumkin. Eng muhimi 
dasturlarda mavzularni o‘rganishda «O‘z o‘lkasini» o‘rganishga e’tibor kuchaydi. 
Bu o‘z navbatida didaktik talablarga unchalik javob bermadi. Ularda o‘quvchilarga 
zarur bo‘lgan qonuniyatlar ancha mos kelmaydi va o‘quvchilarga kasb, mehnat, 
iqtisodiy tarbiyalarni berishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Ammo shuni ta’kidlash 
kerakki, chop etilgan metodik adabiyotlarning ko‘pchiligi chuqur izlanishlarsiz, 
tadqiqot uyushtirmasdan, eksperimentlarsiz nashr etilishi hollari bo‘ldi. 
Eksperimental tadqiqotlar orqali nashr etilgan ishlar saviyasi ham hayot talabalriga 
unchalik javob bermadi. Ularda o‘quvchilarda zarur ko‘nikma va malakalarni 
shakllantirish jarayonlari mavjud emas. 
O‘zbekistonda 1969-1970 o‘quv yilidan boshlab geografiyadan yangi 
dasturlar joriy etildi. U 1980-1981 o‘quv yiligacha amal qildi. Bu dastur bir 


76 
muncha takomillashtirildi. Har bir geografiya kursi uchun zarur amaliy ishlar 
qat’iy qilib qo‘yildi. Birinchi marta dasturda mavzular bo‘yicha fanlararo aloqalar, 
o‘quvchilar bilimi va bajarilishi zarur bo‘lgan ishlar alohida ko‘rsatildi. 
Oliy Sovet tomonidan 1984-yil 12 aprelda ma’qullangan “Umumiy ta’lim va 
hunar maktabini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari” qarori asosida maktabni 
isloh qilishga kirishildi. Isloh geografiya ta’limi mazmuniga ham ta’sir qilmasdan 
qolmadi. Maktab geografiyasi kurslari tarkibida ham ba’zi o‘zgarishlar paydo 
bo‘ldi. Ta’limning 11 yillik tizimga o‘tish bilan geografiyani o‘qitishda ham 
mehnat ta’limi alohida ahamiyat kasb etdi. Sobiq SSSR tugatilishi arafasida 
maktabni qayta isloh qilish uchun ancha kurashlar va harakatlar bo‘ldi. Lekin 
ularning barchasi muvaffaqiyatsiz tugadi va o‘zini oqlamadi. O‘zbekistonning 
mustaqillikka erishishi geografiya ta’limida tub o‘zgarishlarga olib keldi.

Yüklə 56 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   17   18   19   20   21   22   23   24   ...   149




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2025
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin