320
bayon etish o‘quv materialining eng optimal tarkibi hisoblanadi. Pedagog
muammoli vaziyat yaratadi, o‘quvchini uni yechishga yo‘naltiradi, yechimni
izlashni tashkil etadi. Muammoli o‘qitishni boshqarish, pedagogik mahoratni talab
etadi, chunki muammoli vaziyatning paydo bo‘lishi individual holat bo‘lib,
tabaqalashtirilgan va individuallashtirilgan yondashuvni talab etadi.
Muammoli o‘qitish, ijodiy jarayondan nostandart ilmiy-o‘quv masalalarni
nostandart usullar bilan yechishni taqozo etadi. Talabalarga mashq uchun
beriladigan masalalar, olingan bilimlarni mustahkamlash va malakalar hosil qilish
uchun xizmat qilsa, muammoli masalalar esa faqat yangi yechimlar izlashga
qaratiladi.
O‘quv materialini muammoli taqdim etilishining mohiyati shundaki, unda
o‘qituvchi bilimlarni tayyor holda taqdim etmasdan, o‘quvchilar oldiga muammoli
masalalar qo‘yadi, ularni yechimining yo‘llari va vositalarini izlashga undaydi.
Muammo, yangi bilimlar va harakat usullar sari, o‘zi yo‘lga boshlaydi.
Shuni qat’iyatlik bilan ta’kidlash lozimki, bu yerda yangi bilimlar ma’lumot
uchun emas, balki muammo yoki muammolarni yechimi uchun beriladi. An’anaviy
pedagogik usuldagi – bilimlardan muammoga qarab – o‘quvchilar mustaqil ilmiy
izlanish ko‘nikma va malakalarini hosil qila olmaydi, chunki ularga o‘zlashtirish
uchun tayyor natijalar taqdim etiladi. Muammoning yechimi ijodiy fikrlashni
taqozo etadi. O‘zlashtirilgan bilimlar shablonlarini takrorlash bilan bog‘liq bo‘lgan
reproduktiv psixik jarayonlar, muammoli vaziyatlarda hyech qanday samara
bermaydi.
Agar inson muntazam tayyor bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishga o‘rgatilgan
bo‘lsa, uning tabiiy ijodiy qobiliyatini so‘ndirish ham mumkin; u mustaqil
fikrlashni «esdan chiqaradi» Fikrlash jarayoni muammoli masalalarni yechishda
a’lo darajada namoyon bo‘ladi va rivojlanadi.
Muammoli o‘qitishda kechadigan jarayonlarning psixologik mexanizmi
quyidagicha bo‘ladi: inson ziddiyatli, yangi, noma’lum muammoga (muammo –
murakkab nazariy yoki amaliy masala bo‘lib, yashirin ziddiyatlarni qamrab oladi,
uning yechimi turli, hatto muqobil vaziyatlarni talab etadi) duch keladi, unda
hayratlanish, ajablanish holati paydo bo‘ladi, «gap nimada?» degan savol tug‘iladi.
O‘quvchi noma’lum yechimni topish uchun mustaqil yoki o‘qituvchi yordamida
izlanadi. Muammoni jamoaviy hal etishda paydo bo‘luvchi, subyekt-obyekt-
subyekt munosabatlari ijodiy fikrlashni faollashtirishga olib keladi.
Dostları ilə paylaş: