muassasalari hamda tashkilotlariga yer ajratib berish loyihalarini tuzish; * korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib quyiladigan yerlarni ajratib berish loyihalarini tuzish; * yer uchastkalarini naturada (joyning o‘zida) ajratib berish, yerga egalik qilish va yerdan foydalanish, yer uchastkasini ijaraga olish hamda yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqlarini tasdiqlovchi hujjatlarni tayyorlash; * yangi yerlarni o‘zlashtirish, qishloq xo‘jalik yerlarini yaxshilash, tuproq unumdorligini saqlash va oshirish, buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish, tuproqni suv va shamol eroziyasidan, sellardan, ko‘chkilardan, suv bosishdan, zaxlashdan, qaqrab qolishdan, zaranglashishdan, ishlab chiqarish chiqindilari, radioaktiv va kimyoviy moddalar bilan ifloslanishdan himoya qilish bo‘yicha ishchi loyihalarini ishlab chiqish; * barcha yerlarni ro‘yxatga olish hamda foydalanilmayotgan, samarasiz foydalanilayotgan yoki belgilangan maqsadda foydalanilmayotgan yerlarni doimiy aniqlab borish; * yerlarni resurs jihatidan baholash, yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish yuzasidan yer tuzish hujjatlarini ishlab chiqish; * yerlarni baholash tadbirlarini o‘tkazish. Yuqorida barcha keltirilgan ishlar yerdan oqilona va samarali, ilmiy asoslangan tarzda
foydalanishga, xalq xo‘jaligini rivojlantirish uchun eng yaxshi tashkiliy-hududiy asos yaratishga
qaratilgan.
Xoxlagan mazmundagi yer tuzishni muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun yer to‘g‘risida yetarlik
darajada to‘la va aniq axborot zarur; uni birinchi navbatda davlat yer kadastri beradi. U o‘zida
yerlarning soni va sifati, huquqiy maqomi, ularning yer mulkdorlari, yer egalari, yerdan
foydalanuvchilar va ijarachilar, yer toifalari bo‘yicha taqsimlanishi va xalq xo‘jaligidagi ahamiyati
to‘g‘risidagi ma’lumotlar va hujjatlarni mujassamlashtiradi. Kadastr ma’lumotlaridan majburiy
tarzda xalq xo‘jaligining har xil maqsadlari uchun - yerdan foydalanishni rejalash va uni muhofaza
qilishda, qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishini joylashtirish va ixtisoslashtirishda, yerlarni
melioratsiyalashda, yer uchun to‘lovlarni asoslash va belgilashda, xo‘jalik faoliyatini baholash va
boshqa tadbirlarni amalga oshirishda foydalaniladi. Ular ayniqsa yer tuzishda zarur; bu yerda ular yer
tuzish chizmalari va loyihalarini tuzish, yerlardan oqilona foydalanishni va uni muhofaza qilishni
tashkil etish, hududni tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar ishlash uchun boshlang‘ich axborot bazasi
sifatida xizmat qiladi.
Yer fondining ahvoli to‘g‘risidagi joriy axborotni yer monitoringi - uning holatini, yuz
beradigan o‘zgarishlarni o‘z vaqtida aniqlash, ularni baholash, har xil salbiy jarayonlarning oldini
olish va ularni tugatish maqsadidagi kuzatishlar tizimi beradi. Yer tuzish ishlab chiqarishning
tashkiliy-hududiy asosi sifatida melioratsiya, madaniy - texnik tadbirlar, yo‘l qurilishi, agroo‘rmon
melioratsiyasi, qishloq aholi yashash joylarini loyihalash va boshqa, amalga oshirilishi yerdan
foydalanishni tashkil etishga ta’sir etadigan tadbirlar bilan ham bog‘liq.