Boylamlari: barmoqlardagi bo’g’imlarning har biri lateral va medial yonlanma boylamlar bilan
mustahkamlangan.
Bosh skeleti (cranium) Bosh skeleti 23ta suyaklarning o’zaro birlashishidan tashkil topgan, uning sathi notekis.
Qosh ravoqlari, tashqi eshituv do’mbog’i orqali o’tgan chiziq kalla skeletini yuz va bosh
qismlariga ajratadi.
Bosh skeletining miya qismi jami 8ta: peshona, ensa, ponasion, g’alvirsimon va ikkitadan
tepa hamda chakka suyaklari yig’indisidan iborat. Odamda miyaning takomillashuvi tufayli bosh
skeletining miya qismi yuz qismiga nisbatan kattaroq bo’ladi.
Ensa suyagi (os occipitale). Ensa suyak kalla suyagining orqa tomonida pastda
joylashgan palla shaklidagi 3 qismdan iborat suyakdir:
1.Asosi (tanasi) miya qopqog`ining tubini hosil qilib, ponasimon suyakning tanasi bilan
birlashadi. Uning ichki yuzasi silliq ko’rinishda bo’lib, pastga tomon nishabni hosil qiladi va
unda uzunchok miya joylashadi. Tashqi yuzasi notekis bo’lib halqumning yuqori devoriga
to’g’ri keladi. Shu bois suyakning aynan shu joyida yutqun tepachasi tafovut etiladi.
2.Yon qismi ensa suyagining asos hamda palla qismlarini birlashtirib turadi. Suyakning
ikki yon tomonida bo’yinturuq o’ymasi bor. Yon qismning ichki yuzasida sigmasimon sinus
egati, tashqi yuzasida esa ellipsimon shakldagi bo’g’im do’mboqchasi bo’lib, bo’yinning birinchi
umurtqasi (atlant) bilan bo’g’im hosil qilib birikadi.
3.Ensa suyagining palla qismi tashqi yuzasi qavariq notekis ko’rinishda, uning markazida
ensa do’mbog’i, do’mboqning ikkala yon tomonida chiziqlar bo’lib bo’yinni bosh bilan
birlashtirib mustahkamlaydigan mushaklar va boylamlar birikishi uchun mo’ljallangan. Pallaning
ichki yuzasi botiq, markazidagi xochsimon tepalik uning ichki sathini to’rtta chuqurchaga bo’lib
turadi. Suyakning xochsimon tepaligi bosh miyaning qattiq pardasi ishtiroki bilan venoz qon
yig`iladigan bo’shliqlarni ya'ni sinuslarni hosil qiladi. Palla qismining ikkita yuqoridagi
chuqurchasida bosh miyaning ensa qismi, pastki ikkita chuqurchasida esa bir juft miyacha
joylashadi.
Ensa suyagining chetlari notekis bo’lib choklar yordamida chakka va tepa suyaklariga
birlashib kalla qopqog’ini hosil qilishda ishtirok etadi.