Androsteroma. Buyrak usti bezi qobig’ining to’rsimon sohasida
rivojlanadi. Klinik manzarasi androgenlarning ortiqcha ishlab chiqarilishi bilan
bog’liq. Kasallik navqiron va etilgan yoshda paydo bo’ladi. Ko’proq ayollar
kasallanadilar. Bolalik yoshida qizlarda gipertrixoz paydo bo’ladi, bo’y o’sishi
tezlashadi, mushaklari haddan tashqari rivojlanadi, tovushi past, dag’al bo’lib
qoladi. O’g’il bolalarda barvaqt voyaga etish kuzatiladi, bo’yi baland emas,
oyoqlari kalta. Ayollarda erkaklarga xos jinsiy belgilar paydo bo’lib
maskulinizatsiya belgilari yuzaga keladi – teri ostidagi yog’ qatlami kamayadi,
mushaklari tez rivojlanadi, ko’krak bezlari atrofiyaga uchraydi, hayz ko’rish
faoliyati buziladi; ko’pincha girsutizm paydo bo’ladi. Bemorning gormonal
faoliyati tekshirilganda siydikda 17-KS miqdorining juda ko’pligi namoyon
bo’ladi. O’smaning joylashuvini aniqlash uchun UTT va KT qo’llaniladi.
Davolashda xirurgik usul ishlatiladi – bemorlarga adrenalektomiya
operatsiyasi bajariladi.
|