33
Qalkonsimon bez raki (saratoni) – hamma xavfli o’smalarning 0,4-1% da
uchraydi. Odatda, bez faoliyati normal yoki pasaygan tugunli buqoqdan
rivojlanadi, diffuz toksik buqoq kamdan-kam rakka o’tadi.
Ayollarda qalqonsimon bez raki erkaklarga nisbatan 3-4 marta ko’proq
uchraydi. Qalqonsimon bez raki rivojlanishiga imkon beradigan omillarga
jarohatlar, surunkali yallig’lanish jarayonlari, qalqonsimon bez sohasini
rentgenda nurlantirishlar, radioaktiv yod yoki tireostatik preparatlar bilan uzoq
muddat davolash kiradi. Qalqonsimon bezning xavfsiz o’smalari kamdan-kam
kuzatiladi.
Qalqonsimon bezi rakining klinik bosqichlari:
I bosqichi – qalqonsimon bezda yakka o’sma bo’lib, uning shakli
o’zgarmagan, kapsulasiga o’sib kirmagan va harakatchanligi chegaralanib
qolmagan.
IIA bosqichi – qalqonsimon bezning yakka yoki ko’p sonli o’smalari, uning
shaklini o’zgartirgan, biroq kapsulasiga o’sib kirmagan va harakatchanligini
chegaralab qo’ymagan. Regional va boshqa a’zolarga metastazlari yo’q.
IIB bosqichi – qalqonsimon bezning yakka yoki ko’p sonli o’smalari, o’sib
kirmagan va harakatchanligi yo’qolmagan, biroq bo’ynining zararlangan
tomonidagi yaqin limfa tugunlarida metastazlari bor.
III bosqichi – o’sma qalqonsimon bez kapsulasidan tashqariga tarqalgan va
atrof to’qimalar bilan bog’langan yoki qo’shni a’zolarni bosib turadi. O’smaning
harakatchanligi chegaralangan, yaqin limfatik tugunlarga metastazlar bergan.
IV bosqichi – o’sma atrofidagi strukturalar va a’zolarga o’sib kiradi,
qalqonsimon bez mutlaqo surilmaydi, limfatik tugunlarda metastazlar ko’riladi.
Bo’yin va ko’ks oralig’ining limfatik tugunlariga metastazlar bergan, boshqa
a’zolarga ham metastazlar bergan. Chuqur bo’yin, xiqildoq oldi, pre- va
paratraxeal limfatik tugunlarga regionar limfogen metastazlanish bo’ladi.
Uzoqda joylashgan a’zolarga gematogen metastazlar berish kuzatiladi, bunda
aksariyat o’pka va suyaklar zararlanadi.