O’T PUFAGI VA O’T YO’LLARI KASALLIKLARI
Anatomik-fiziologik ma’lumotlar
O’ng va chap tomondagi jigar o’t yo’llari jigarning shu nomidagi
bo’laklaridan chiqib, umumiy jigar yo’lini hosil qiladi. Jigar yo’lining eni 0,4
dan 1 sm gacha o’zgarib turadi va o’rta hisobda 0,5 sm ni tashkil qiladi. O’t
yo’lining uzunligi taxminan 2,5-3,5 sm. Umumiy jigar yo’li o’t pufagi yo’li
bilan qo’shilib, umumiy o’t yo’lini hosil qiladi. Umumiy o’t yo’lida to’rtta
bo’lim farq qilinadi: o’n ikki barmoqli ichak ustida joylashgan supraduodenal,
o’n ikki barmoqli ichak yuqori gorizontal qismi orqasidan o’tadigan
retroduodenal, retropankreatik (me’da osti bezi boshchasi orqasidagi) va o’n ikki
barmoqli ichakning vertikal qismi devoridagi intramural bo’limlar.
Umumiy o’t yo’lining distal bo’limi o’n ikki barmoqli ichak shillik pardasi
ostidagi qavatda joylashgan katta duodenal so’rg’ich (Fater so’rg’ichi) hosil
qiladi. Katta duodenal so’rg’ich uzunasiga ketgan, doirasimon va qiyshik
tolalardan iborat avtonom mushak sistemasiga - Oddi sfinkteriga ega, bu sfinkter
o’n ikki barmoqli ichakka bog’liq emas. Pankreatik yo’l katta duodenal
so’rg’ichga yaqinlashib, umumiy o’t yo’lining terminal bo’limi bilan birga
duodenal so’rg’ich ampulasini hosil qiladi. Katta duodenal so’rg’ichda
operatsiya bajarishda o’t yo’li bilan pankreatik yo’llarning o’zaro
munosabatlariga doir turli variantlar hisobga olinishi lozim. O’t pufagi jigarning
pastki yuzasida unchalik katta bo’lmagan chuqurchada joylashgan. O’t
pufagining sig’imi tahminan 50-70 ml ni tashkil qiladi. O’t pufagining shakli va
o’lchamlari uning yallig’lanishi va chandiqli jarayonlarida o’zgarishlarga
462
uchrashi mumkin. O’t pufagining tubi, tanasi, bo’yni farq qilinib, bo’yni pufak
yo’liga o’tadi. Aksariyat o’t pufagi bo’ynida qo’ltiqsimon bo’rtma – Gartman
cho’ntagi hosil bo’ladi (100-rasm).
100-rasm. O’t yo’llarining sxematik tasviri.
Pufak yo’li ko’pincha xoledox o’ng yarim doirasiga o’tkir burchak ostida
tushadi. O’t pufagi devori uchta parda: shiliq, mushak va fibroz pardalaridan
iborat. Pufak shilliq pardasi ko’p sonli burmalar hosil qiladi. Pufak bo’yni
sohasida va uning yo’lining boshlang’ich qismida Geyster klapanlari mavjud,
pufak yo’lining bir-muncha distal bo’limlarida silliq mushak tolalari dastalari
bilan birga Lyutkins sfinkterini hosil qiladi. Shilliq parda mushak dastalari
orasida joylashgan ko’p sonli burmalar – Rokitanskiy-Ashoff sinuslarini hosil
qiladi.
O’t pufagi o’t pufagi bo’yni tomonidan xususiy jigar arteriyasining bitta
yoki ikkita shohi, yoki uning o’ng tarmog’idan keladigan pufak arteriyasi orqali
qon bilan ta’minlanadi. Limfatik tugunlarga limfa oqib ketishi jigar
darvozasidan va jigarning o’zidagi limfatik sistemadan sodir bo’ladi. O’t pufagi
innervatsiyasi qorin chigali tarmoqlari, chap adashgan nerv va o’ng diafragmal
463
nervdan tashkil topgan jigar tarmog’idan amalga oshiriladi. Jigarda ishlanadigan
va jigardan tashqaridagi o’t yo’llariga tushadigan o’t suyuqligi (safro) suv
(97%), o’t tuzlari (1-2%), pigmentlar, xolesterin va o’t kislotalaridan (taxminan
1%) iborat. Jigarning o’t ajratish o’rtacha debiti minutiga 40 ml. O’t pufagida
suv va elektrolitlar so’rilishi hisobiga o’t suyuqligi kontsentratsiyasi ro’y beradi.
Bunda o’tning asosiy komponentlari kontsentratsiyasi ularning jigar o’tidagi
dastlabki miqdoridan 5-10 marta oshgan bo’ladi. Ovqat, nordon me’da shirasi,
yog’lar va qondagi intestinal gormonlar – xoletsistokinin, sekretin o’t pufagining
qisqarishini va ayni vaqtda Oddi sfinkterining bo’shashishini vujudga keltiradi.
Ovqat o’n ikki barmoqli ichakda ishqoriy muhitga ega bo’lib qolgandan
keyin qonga gormonlar ajralishi to’xtaydi, Oddi sfinkteri qisqarib, o’tning
ichakka tushib turishiga to’sqinlik qiladi.
Dostları ilə paylaş: |