157-modda. Soliqqa oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish tartibi (1-q.)
Soliq auditi natijasida aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar
ushbu Kodeksning 158 va 159-moddalarida nazarda tutilgan tartibda koʻrib chiqiladi. Mazkur
koʻrib chiqish tartibi ushbu Kodeksning 223 yoki 224-moddalarida nazarda tutilgan soliqqa oid
huquqbuzarliklarga nisbatan ham qoʻllaniladi.
(2-q.)
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilmagan, soliq tekshiruvi va (yoki)
soliq nazoratining boshqa tadbirlari natijasida aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarliklar
toʻgʻrisidagi ishlar ushbu Kodeksning 165 va 166-moddalarida nazarda tutilgan tartibda koʻrib
chiqiladi.
(3-q.)
Soliq organlarining mansabdor shaxslari tomonidan ushbu Kodeksda belgilangan
talablarga rioya etmaslik yuqori turuvchi soliq organi yoki sud tomonidan soliq organining qarorini
bekor qilish uchun asos boʻlishi mumkin.
(4-q.)
Soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqish tartib-taomilining muhim shartlarini
buzish yuqori turuvchi soliq organi yoki sud tomonidan soliq organining soliqqa oid huquqbuzarlik
sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish va (yoki) soliq summalarini qoʻshib hisoblash
toʻgʻrisidagi qarorini bekor qilish uchun asos boʻladi. Bunday muhim shartlar jumlasiga oʻziga
nisbatan soliq tekshiruvi oʻtkazilgan shaxsning soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqish
jarayonida shaxsan va (yoki) oʻz vakili orqali ishtirok etish imkoniyatini taʼminlash hamda soliq
toʻlovchining tushuntirishlar berish imkonini taʼminlash kiradi.
(5-q.)
Soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqish tartib-taomilining boshqacha buzilishlari
ham, agar bunday qoidabuzarliklar soliq organi rahbari (rahbar oʻrinbosari) tomonidan
gʻayriqonuniy qaror qabul qilishga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin boʻlsa, yuqori turuvchi
soliq organi yoki sud tomonidan soliq organining qarorini bekor qilish uchun asos boʻlishi
mumkin.