mumkin bo‘lgan narx. Bunday narx yordamida davlat inflyatsiyani jilovlaydi,
narx darajasini nazorat qiladi.
Dotatsiyalangan narx – davlat budjeti hisobidan maxsus arzonlashtirilgan narx. Bunday narxdan kam daromadli oilalar, beva-
bechoralar, ishsiz va nogironlarni hayotiy zarur ne’matlar bilan eng kam darajada
ta’minlab turishda foydalaniladi.
Demping narx – bozorda o‘z mavqeini mustahkamlash va raqiblarini bozordan siqib chiqarish uchun firmalar tomonidan foydalaniladigan maxsus narx. U «bozorga kirib olish narxi» deb ham ataladi. Demping narxda rasmiy
narxning bir qismidan kechib yuboriladi.
Nufuzli narx – sotish hajmini o‘zgartirmasdan, yuqori foyda olishga erishish uchun firmalar tomonidan foydalaniladigan narx. Bu narxni qo‘llash
uchun bozorda raqobat cheklangan bo‘lib, monopol vaziyat mavjud bo‘lishi zarur.
Mazkur vaziyatda talab narxga bog‘liq bo‘lmaydi, shu sababli narxning ko‘tarilishi
tovar sotilishini keskin kamaytirmaydi. Bundan tashqari aholining yuqori daromad
oluvchi qatlami xarid qiladigan nufuzli tovarlar ham mavjudki, ular nufuzli
narxlarda sotiladi. Rivojlangan mamlakatlarda yuqori daromad oluvchi aholi
qatlami uchun dala hovliga ega bo‘lish, mashhur kurortlarda dam olish, so‘nggi
nusxadagi kiyimlar kiyish, yangi modeldagi avtomashinada yurish – martabali yoki
obro‘talab iste’mol hisoblanadi. Martabali iste’mol nufuzli narxlarni yuzaga
keltiradi. Ular odatdagi narxlardan ancha yuqori bo‘ladi. Nufuzli narxlarni
qo‘llashda tovarlarni ishlab chiqarish xarajatlari va rentabellik darajasi, bozordagi
talab, uning o‘zgarishi va bozordagi raqobatlashuv sharoiti hisobga olinadi.
Shunga qarab,
ma’lum davrgacha o‘zgarmaydigan qat’iy (standart) narx va o‘zgaruvchan narx qo‘llaniladi. Shunday tovarlar borki, iste’molchilar ularning
narxi o‘zgarmasligini afzal ko‘radi. Masalan, kommunal xizmat, transport xizmati
tariflari shunday narxlar jumlasiga kiradi.