iste’molchi budjeti asosida amalga oshiriladi. Iste’molchi budjetlarining bir qator
turlari mavjud: o‘rtacha oila budjeti, yuqori darajada ta’minlangan budjet, minimal
darajada moddiy ta’minlanganlar budjeti, nafaqaxo‘rlar va aholi boshqa ijtimoiy
guruhlari budjeti shular jumlasidandir.
Farovonlikning eng quyi chegarasi ni oila daromadining shunday chegarasi
bilan belgilash mumkinki, daromadning bundan past darajasida ishchi kuchini
takror hosil qilishni ta’minlab bo‘lmaydi. Bu daraja
moddiy ta’minlanganlik minimumi yoki kun kechirish darajasi (qashshoqlikning boshlanishi) sifatida
ko‘rsatiladi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida o‘rtacha daromad «o‘rtacha sinf» deb
ataladigan tabaqalar daromadlari bo‘yicha aniqlanadi. Bunday guruh iste’mol
savati to‘plamiga uy, avtomashina, dala hovli, zamonaviy uy jihozlari, sayr qilish
va bolalarini o‘qitish imkoniyati, qimmatli qog‘ozlar va zebu ziynat buyumlari
kiradi.
Bozor iqtisodiyoti aholining yuqori ta’minlangan yoki «boy» qatlamining
mavjud bo‘lishini taqozo qilib, ularga aholining yuqori sifatli tovar va xizmatlar
xarid qilishga layoqatli bo‘lgan juda oz miqdori kiradi. AQShda aholi bu qismining
shaxsiy imkoniyati 8-10 mln. dollar miqdorida baholanadi.
Turmush darajasi kishilarning turmush tarzi bilan uzviy bog‘liq.
Turmush tarzi – bu kishilar (jamiyat, ijtimoiy qatlam, shaxs)ning milliy va jahon hamjamiyatidagi hayot faoliyati turi hamda usullarini aks ettiruvchi ijtimoiy- iqtisodiy kategoriya. Turmush tarzi inson hayot faoliyatining turli jihatlarini
qamrab oladi, ya’ni:
- mehnat, uni tashkil etishning ijtimoiy shakllari;
- turmush va bo‘sh vaqtdan foydalanish shakllari;
- siyosiy va ijtimoiy hayotda ishtirok etish;
- moddiy va ma’naviy ehtiyojlarni qondirish shakllari;
- kishilarning kundalik hayotdagi xulq-atvori me’yorlari va qoidalari.