Xurshid Davron. Amir Temur o‘g‘lining o‘limi haqida rivoyat. t.me/e_kutubxona bo‘lgan o‘g‘liga ko‘rsatolmagan mehr-marhamatini ulardan
ayamasdi.
— Olampanoh, — deya ulug‘vorlik ila so‘z boshladi Muhammad
Sulton, — inim Pirmuhammad Jahongir aytgani rostdur. Hind mulki
bag‘oyat boy yurt. Ammo, siz bergan saboq hamisha yodimda.
YA’nikim har bir ishni qilishdan avval uning amalini o‘ylash joizdur.
Kitoblardan ma’lumdirkim, Hindiston yo‘li ko‘p mashaqqatlidur. Eng
avvalo, bir necha qor bosib yotgan tog‘laru kechib o‘tish mushkul
daryolar, undan keyin cheki yo‘q o‘rmonu to‘qayzorlar bordur.
Ikkilamchi, maqsadga etguncha bebosh afg‘onlar bilan jang qilish
ham zarur bo‘lg‘ay. YAna kitoblarda aytilmishkim, Hindistonda
odamxo‘r fillar ham juda ko‘p bo‘larmish…
Amir Temur inisinng mulohazalarini eshitgan Pirmuhammad Jahongir
bezovtalana boshlaganini sezdi. Ammo buni bildirmay, nabirasining
mulohazasi qanday taklif bilan tugashini kutdi. Qurultoy rasm-rusmi
har bir so‘zni e’tibor bilan eshitish lozimligini talab qilardi. Xo‘sh,
qani, to‘ng‘ich nabirasi nima demoqchi ekan, shuni bilsinchi? Ammo
Muhammad Sulton ham inisining ahvolini sezgan bo‘lsa kerak,
odatiga xilof ravishda shoshib so‘zini yakunladi:
— Bu mulohazalarim ila Hindiston yurishiga puxta tayyorgarlik
ko‘rish lozim demoqchiman. Men urushga shaymen. – U so‘zini
tugatib, inisining yonidan joy olarkan, uning yuzidagi mamnuniyatni
sezib, ko‘ngli joyiga tushdi.
SHundan so‘ng sohibqironga qizidan tug‘ilgan nabira bo‘lmish
amirzoda Sulton Husayn navbat oldi. Amir Temur qizi Og‘abegim va
malika Tuman og‘oning birodari amir Muhammad ibn Muso farzandi
bo‘lmish bu amirzoda bag‘oyat mard, ammo beoqibat bo‘lib voyaga
etganini yaxshi bilsa-da, har gal qizining so‘zini qaytarolmay, bu
badbaxt yigitning gunohidan o‘tib kelardi. O‘z o‘g‘illari va ularning
farzandlariga bag‘oyat qattiq turgan Sonibqiron bu hovliqma
amirzodani jazosiz qoldirib kelayotganini hamma bilar, ammo
sababidan bexabar edilar. Nahotki, qizdan tug‘ilgan nabira