Kishilik jamiyatida ayirboshlash munosabatlarining chuqurlashuvi, mehnat taqsimotining
rivojlanishi pulning oddiy tovar shaklidan, hozirgi kunda hisob – kitoblarda qo‘llanilayotgan
elektron pullar ko‘rinishi darajasigacha yetib kelishiga sabab bo‘ldi. Albatta bu juda uzoq davrni
o‘z ichiga oladi. Kishilar stixiyali tarzda hayot kechirgan va natural xo‘jalik tuzumi sharoitida
turli buyumlar, hayvonlar, mahsulotlar pulning vazifasini bajargan bo‘lsa, miloddan oldingi VII
– VI asrlarda metallar pul sifatida amal qilgan, XI va XII asrlarda qog‘oz pullar, XX asrdan esa
elektron pullar iqtisodiyotga to‘lov vositasi sifatida kirib keldi.
Demak, pul bugungi kundagi ko‘rinishiga yetib kelguncha juda uzoq davr va ijtimoiy –
iqtisodiy jarayonlarni bosib o‘tgan. Pulning turlarini o‘rganishda uni asl qiymatga ega bo‘lgan
(haqiqiy) pul va asl qiymatga ega bo‘lmagan (o‘rinbosar) pul sifatida o‘rganish maqsadga
muvofiq. Odatda haqiqiy pullar to‘lov vositasini bajarganda ular o‘z qiymati bo‘yicha
ayirboshlash jarayonida ishtirok etgan, iqtisodiyotda pul massasini tartibga solish bo‘yicha
muammolar mavjud bo‘lmagan.
Asl qiymatga ega bo‘lmagan pullarning haqiqiy qiymati nominal qiymatiga nisbatan bir
necha marta past bo‘lib, ular muomalaga chiqarilgandan keyin doimiy ravishda tartibga solinib
turish lozim. Aks holda iqtisodiyotda pul massasi tovar massasiga nisbatan ortib ketadi va
qog‘oz pullar o‘zining to‘lov vositasi sifatidagi qobiliyatini yo‘qotadi.
Haqiqiy pullar quyidagi xossalarga ega bo‘lgan:
– nominal qiymatning real qiymat bilan mutanosibligi;
– qiymatning qardsizlanmasligi, ya’ni haqiqiy pullar har qanday sharoitda ham o‘zining
dastlabki qiymatini yo‘qotmagan;
– ularni boshqa tovarlar kabi iste’mol qilish mumkinligi.
Biroq, natural pullarning hammasi ham yuqoridagi xossalarni uzoq muddatga saqlab
turish imkoniyatiga ega bo‘lmagan. Masalan, bug‘doy, tamaki, choy, baliq, jun kabilar vaqt
o‘tishi bilan o‘zining dastlabki xususiyatlarini yo‘qotgan.
Dostları ilə paylaş: