2-mavzu: Pul aylanishi va uning tarkibi 2.1. Pul aylanmasining mohiyati 2.2. Naqd pul aylanmasini tashkil etish 2.3. Naqd pulsiz hisob – kitoblarning tamoyillari 2.4. Naqd pulsiz hisob – kitob shakllari 2.1. Pul aylanmasining mohiyati Naqd pul va naqd pulsiz shaklida hisob – kitoblarni amalga oshirish pul aylanmasini
tashkil etadi.
Naqd pul aylanmasi – bu qog‘oz pullar va tanga pullar vositasida amalga oshirilib, naqd
pullar harakati jarayonida namoyon bo‘ladi. Naqd pul aylanmasi asosan jismoniy shaxslar va
yuridik shaxslar o‘rtasida vujudga keladigan ayirboshlash munosabatlarini amalga oshirishga
xizmat qiladi.
Naqd pulsiz aylanmalar – bu kredit muassasalarida ochilgan hisobraqamlar yordamida
pullarni hisobdan hisobga ko‘chirish orqali amalga oshiriladi.
Pul doimiy ravishda “harakatda” bo‘ladi, bu harakat davomida juda ko‘plab tovar va
xizmatlarni sotish va sotib olish jarayonida bevosita ishtirok etib, sotuvchi va sotib oluvchilarga
xizmat qiladi. Xususan, pul o‘z harakati jarayonida bozordagi talab va taklifdan kelib chiqqan
holda tovarlar va xizmatlar bahosini belgilaydi, bu pulning qiymat o‘lchovi, muomala vositasi va
to‘lov vositasi funktsiyalari orqali amalga oshiriladi.
Pul vaqtinchalik hisob – kitoblar va aylanmalarda ishtirok etmagan vaqtda jamg‘arma
vositasi funktsiyasini bajarish orqali, o‘zining sohibiga qo‘shimcha daromad keltirdi va real
iqtisodiyotda muhim rol o‘ynaydi.
Pul aylanmasi tarkibida naqd yoki naqdsiz hisob – kitoblar bilan amalga oshirilayotgan
to‘lovlar hajmining yuqori yoki pastligiga pulning barqarorligi, milliy iqtisodiyotning
raqobatbardoshligi va boshqa qator omillar ta’sir qiladi.
Pulning aylanmasi mohiyatini yanayam chuqurroq aniqlash uchun uning ob’ekti va
sub’ektlariga e’tibor berish maqsadga muvofiq. Pul aylanmasi sub’ektlari sifatida davlat va
davlat muassasalari, Markaziy bank, kredit va moliya muassasalari, mamlakat rezidenti va
norezedentlari, korxona va tashkilotlarni keltirish mumkin. Uning ob’ekti esa tovar va tovarsiz
operatsiyalar jarayonida vujudga keladigan iqtisodiy munosabatlar, ya’ni aylanmalar
hisoblanadi.
Pul aylanmasi sub’ektlari o‘rtasida amalga oshiriladigan iqtisodiy munosabatlar naqd va
naqd pulsiz ko‘rinishida amalga oshiriladi. Xorijiy mamlakatlar iqtisodiy adabiyotdarida pul
aylanmasi deyarli o‘rganilmaydi. Buning asosiy sabablaridan biri, balki mazkur mamlakatlar
bank muassasalarida hisob – kitoblarni amalga oshirishda pul aylanmasi naqd va naqd pulsiz
ko‘rinishi shakllari o‘rtasida farq mavjud emasligi bo‘lishi mumkin. Haqiqatda ham rivojlangan
va ayrim rivojlanayotgan mamlakatlar banklarida naqd va naqdsiz pul hisob – kitoblarni amalga
oshirish o‘rtasida farq mavjud emas.
Shu bilan birga, MDH mamlakatlari iqtisodiy adabiyotlarining deyarli barchasida “pul
aylanmasi” va “to‘lov aylanmasi” alohida – alohida o‘rganiladi. Ularni bir – biridan farqlashda
asosiy etibor hisob – kitoblarni amalga oshirishda naqd pulni ishtirok etishi yoki etmasligiga
qaratiladi. Pul aylanmasida bevosita naqd pullar to‘lovlarni amalga oshirishda ishtirok etadi.
Keyingi yillarda hisob – kitoblarni amalga oshirishda plastik kartochkalar, hisob – kitob
cheklarni joriy etilishi pul aylanmasi tarkibida naqd pulli hisob – kitoblar ulushining sezilarli
darajada pasayib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Xususan, AQSh, G‘arbiy Yevropa mamlakatlari va
Yaponiyada pul aylanmalarining ulushi 1 – 1,5 foizni tashkil etadi.
Quyidagi rasmda pul aylanmasining tarkibiy tuzilishi va uning o‘zaro bog‘liqligini
tavsiflovchi holatlar keltirilgan.