Tanga pullarning rivojlanish tarixi. Mavjud iqtisodiy adabiyotlarda dastlabki tanga
pullar Xitoy mamlakatida va qadimgi Lidiya xonligi davrida miloddan avvalgi VII asrda paydo
bo‘lganligini ta’kidlaydi. Manbalarga ko‘ra, birinchi oltin pullar bizning eramizgacha bo‘lgan
VII asrda Lidiya shohi Gigesning buyrug‘i bilan zarb etilgan. Oltinga o‘zining tasvirini tushirib
zarb qilgan birinchi shox Aleksandr Makedonskiy hisoblanadi, o‘sha davrda oltinning qiymati
uning probasi va og‘irligi bilan o‘lchanar edi.
AQShda monetalar 1793 yilda zarb etilgan, shu davrga qadar va undan keyin uzoq
muddat davomida mamlakatda xorijiy mamlakatlarning tangalari to‘lov vositasi sifatida amal
qilgan. Mamlakatda ayrim xorijiy tangalar 1857 yilgacha to‘lov vositasi sifatida muomalada
ishtirok etdi.
Muomalada oltin tangalar to‘lov vositasini bajarganda ular haqiqiy pul sifatida o‘zining
sohibiga iqtisodiy zarar keltirmaydi va avtomatik ravishda boshqarilib turish xususiyatiga ega
bo‘lgan. Ya’ni, ularni hozirgi paytdagi kabi qog‘oz pullarni emissiyasi orqali tartibga solib
turishga ehtiyoj bo‘lmagan. Agar oltin tangalarning hajmi ehtiyojdan ortib ketadigan bo‘lsa, ular
boylik sifatida avtomatik tarzda jamg‘armaga o‘tadi, aksincha bo‘lganda esa to‘lov vositasi
sifatida muomalaga chiqadi. Shu bois ham oltin tangalar to‘lov vositasini bajargan paytda pul
tizimini tartibga solish apparati va pul – kredit siyosatini amalga oshirishga ehtiyoj bo‘lmagan.