BADA’ ("paydo bo‘lish", "vujudga kelish") - shialikka oid tushuncha. Unga ko‘ra
Allohning fikri, qarori turli shart-sharoitlarga qarab o‘zgarib turadi. Bu g‘oyani
kaysoniylarning peshvosi al-Muxtor ibn Abi Ubayd nomi bilan bog‘laydilar. U o‘zida
bashorat qilish qobiliyati borligini da’vo qilib, agarda uning bashorati to‘g‘ri chiqmasa,
bunga Allohning fikri o‘zgarib qolganini ro‘kach qilgan. Shialar B.ni sunniylikdagi nasx
ta’limotiga qarshi qo‘yadilar. O’zlarini kelajak haqida bashorat etish qobiliyatiga ega deb
hisoblaydigan shia imomlari agarda bashoratlari noto‘g‘ri chiqqudek bo‘lsa, o‘zlaridan
javobgarlik mas’uliyatini soqit qilish uchun xohlagan paytda o‘z fikr va qarorlarini
"Allohning fikri o‘zgarib qoldi" deb o‘zgartirishlariga B. imkon bergan.
BADR JANGI - Muhammad (sav) rahbarligida musulmonlarning Badr qudug‘i yaqinida
(Madinadan 150 km jan.-g‘arbda) Makka qo‘shinlari bilan qilgan birinchi yirik jangi (624
y. 15 yoki 17 mart). Makkadan Falastin va Suriya yerlariga olib boradigan yirik karvon
yo‘li Madina yaqinidan o‘tar edi. Bu yo‘l Makka hokimlari va savdogarlari uchun katta
iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan. Musulmonlar bu yo‘ldagi Makka karvonlarini bosib
olishga, Makka zodagonlari esa karvonlarni himoya qilishga uringan. Badr qudug‘i yonida
madinaliklar makkaliklarning savdo karvoniga hujum qilgan. Manbalarda ko‘rsatilishicha,
jangda musulmonlar tomonidan 80 muhojir, 230 ansor, makkaliklar tomonidan Abu Jahl
rahbarligida 850 kishi qatnashgan. Makkaliklar yengilgan, katta talafot ko‘rgan.
Makkaliklarning 50 dan ortig‘i halok bo‘ldi, yana shunchasi asir olindi. Ular o‘z
yo‘lboshchisi Abu Jaxldan ham judo bo‘lishdi. Musulmonlardan faqat 14 kishi halok
bo‘ldi. Kuchlar nisbati kam bo‘lishiga qaramay musulmonlar qozongan g‘alaba
Muhammad (sav) ning siyosiy va diniy obro‘yini oshirib yubordi, Madina va butun
Arabiston ya.o.da faol harakat boshlab yuborishga asos soldi. Jangda katta o‘lja,
jumladan 30 ta ot, 150 tuya, ko‘p qurol, anjomlar qo‘lga kiritildi. Muhammad (sav) bu
o‘ljalarni jang ishtirokchilariga taqsimlab, uning beshdan bir qismini o‘zlari olganlar.
Islom an’anasida o‘lja taqsimlashda uning beshdan bir qismi xalifalar xazinasiga
tushishi, piyoda askarga bir hissa, otliq askarga ikki hissa berilishi ana shundan
boshlangan. Keyinchalik bu shariatda qonunlashtirilgan.
BAZDOVIY, Abul Hasan Ali ibn Muhammad al-Bazdoviy (1009 - 1089) - xanafiylikdagi
yirik muhaddis va faqih. Nasaf viloyatidagi Bazda (Pazda) qal’asida tug‘ilgan; ko‘plab
Islom Ensiklopediyasi
www.ziyouz.com kutubxonasi
47
shogirddar yetishtirgan. Tarixchi Sam’oniy B.ning o‘g‘li al-Hasan ibn Ali al-Bazdoviy
qo‘lida ta’lim olgan. B. fiqhga doir 6 asar muallifi.