Namangan davlat universiteti o`zbek tili va adabiyoti kafedrasi
1. Totem - ajdodlarimiz qadim zamonlardan topinib kelgan hayvonlar, qushlar,
o`simliklar.
Totemizm - ibtidoiy jamiyatda paydo bo`lgan dinning alohida shakli bo`lib,
odamning ko`pincha bir hayvon yoki o`simlik bilan aloqasi borligi haqidagi ishonch -
e`tiqodini anglatadi. Turkiy xalqlar, jumladan, o`zbek urug`larining ota-bobolari
burgut, ilon, ot, tuya, ayiq, bo`ri, yo`lbars, arhar, qaldirg`och, g`oz, chinor, tut kabi
jonli va jonsiz predmetlarga e`tiqod qo`yganlar. Ular bo`rini balo-ofatlardan
saqlovchi, himoya qiluvchi va ezgulik yaratuvchi jonzod deb bilganlar.
Qadimgi manbalarda keltirilgan turk afsonalarida bo`ri turk urug`ining ajdodi
sifatida namoyon bo`ladi. Afsonada tasvirlanishicha, qadimgi turklar ona bo`ridan va
dushman tomonidan qirilgan urug` ichida tirik qolgan 10 yoshli o`g`il boladan
tarqalgan. Hatto Ashina ismli turk urug`larining birida bo`ri kallasi tasvirlangan
bayroq ham bo`lgan.
Bo`ri bilan bog`liq bo`lgan e`tiqodning asosida yangi tug`ilgan bolani salomat
saqlash, yaxshi hayot kechirish, chorvani ehtiyotlash, ekinlarni yovuz kuchlar
ta`siridan saqlash kabi ishonchlardan iborat bo`lgan. Bo`ri totemiga aloqador «Bo`ri
qiz», «Cho`loq bo`ri» kabi ba`zi ertaklar hozirgi kunga qadar xalq orasida aytib
kelinadi.
Ot totemi ham qadimgi kishilarning turmushi - tirikchiligi bilan bevosita
bog`liq bo`lib, otlarni xonakilashtirish, ulardan ish hayvoni sifatida foydalanish
davomida yuzaga kelgan. Arxeologik qazishmalarda topilgan yarim ot, yarim odam
ko`rinishidagi maxluqlar rasmi, hozirgacha ekin maydonlarining chetida otning kalla
suyagini qo`riqchi sifatida qo`yilishi va boshqalar ibtidoiy kishilar ongida saqlanib
qolgan ot totemi haqidagi e`tiqodning timsolidir. O`zbek xalq dostonlarida G`irot,
Boychibor, Jiyronqush, Majnunko`k, Ko`kdo`nan kabi epik ot timsollarining g`oyat
katta o`rin tutishi ham shundan.