www.ziyouz.com kutubxonasi
105
Chig‘atoyxon Turonda biron yil yashamagan, bironta tarixiy obida qurdirmagan, biron
joyni obod qilmagan! Aksincha, obod joylarni xarobaga aylantirgan, to‘g‘onlarni buzdirib,
shaharu qishloqlarni suvga bostirgan!
— To‘g‘onlar hazrat Chingizxonning farmoni bilan buzdirilgan, shekilli, — deb gap qo‘shdi
Eson Davlat begim.
— Har qalay, barcha qirg‘inlar, buzg‘unchiliklarga Chig‘atoyxon ham katta ulush
qo‘shgan, — davom etdi Bobur. — Tarix kitoblaridan o‘qidimki, Chingizxon o‘ziga ham
bironta yodgorlik qurdirmagan ekan. «O‘lsam, tekis yerga dafn qilinglar, qabrim ustidan
mingta ot yurib o‘tsin, toki ko‘milgan joyimni hech kim topolmasin», degan ekan. Vafot
etganidan keyin xuddi uning aytganini qilishibdi. Mingta ot uning qabrini toptab o‘tibdi.
Haligacha uning qabrini hech kim topolmas emish.
— E’tiqodi shunday bo‘lgan ekan-da, — dedi Eson Davlat begim. — Doim o‘tovda yoki
otda, tabiat bag‘rida bo‘lishni istarkan. Shaharlarni, qo‘rg‘onlarni yomon ko‘rarkan.
— Begunoh shaharliklarni-chi? — so‘radi Bobur.— Tabiat bilan hamkorlik qilib cho‘llarga
suv chiqargan, bog‘-rog‘lar bunyod qilgan butun o‘troq aholini nechun ayovsiz qirgan?
Turon xalqining dodi parvardigorga yetgan ekan-ki, Amir Temurdek bir najotkorni
yuboribdir. «Biz Chingizxon naslidanmiz!» deb ko‘kraklariga urib maqtanib yurganlar
bilsinlar! Nasl-nasab bilan maqtanish zaiflik belgisidir! O‘zining ilkidan yaxshi ish
kelmaydiganlar mudom nasl-nasablari bilan kerilurlar. Ammo odamning kimligini qilgan
ishiyu avlodlarga qoldirgan merosi ko‘rsatgay. Chingizxondan, Chig‘atoyxondan,
To‘xtamishxondan qanday meros qoldi-yu Amir Temurdan, Shohruhdan, Ulug‘bekdan
qanday meros qoldi? Bir qiyoslab ko‘ring! Adolat kim tomonda ekani shunda darhol
bilinur!
Bahsga aralashmay boshini egib jim o‘ltirgan Qutlug‘ Nigor xonim o‘g‘liga mehr to‘la
ko‘zlar bilan qaradi-da:
— Siz haqsiz, Boburjon! — dedi. — Bugun bo‘lmasa ertaga haq joyida qaror topgay. Men
shunday pahlavon, haqgo‘y, bahodir o‘g‘lim borligi bilan iftixor qilurmen. Siz o‘z
nomingizga munosib sher yigitsiz. Ammo Ahmad Tanbal bilan uning og‘asi chiyabo‘riga
o‘xshaydilar. Siz o‘shalar bilan teng bo‘lmang, ular tufayli xon tog‘oyingiz bilan orani
buzmang, sulh taklif qilishsa, yarasha qoling, bolam!
— Qaysi shart bilan yarashaylik? — so‘radi Bobur.
— Axsi Jahongir mirzoda qolsin, mayli deng. Saxiy bo‘ling!
— Ie, ikki yil jon chekib olishganlarimiz bekor ketgaymi? — norozi bo‘lib so‘radi
Qosimbek Boburdan. — Otangizdan qolgan yaxlit davlat yana parchalansinmi?!
— Agar bunga ko‘nmasangiz Mahmudxon yuborgan qo‘shin bilan jang qilurmisiz?! —
tahdid qilib so‘radi Ali Do‘stbek.
Qosimbek ham unga tik javob berdi:
— Agar amirzodam buyursalar, jangga tayyormiz!
— Oldinda Mahmudxon! Orqada Tanbal! Siz amirzodamni ikki o‘t orasiga
tashlamoqchimisiz?! — so‘radi Eson Davlat begim ham qizishib. — Siz Bobur mirzoga
nuqul xonlarni yomonlab, ikki orani buzmoqdasiz-ku, janob Qosimbek!
— Men haqiqatni aytdim, xolos, hazrat begim!
— Siz haqiqat degan narsa ayg‘oqchilarning yolg‘on-yashiq ig‘volaridir!
Ali Do‘stbek bu da’voni yana bir parda baland ko‘tardi:
— Janob Qosimbek shu ig‘volarga tayanib xonlarga tuhmat qilmoqdalar!
Bobur oraga tushdi:
— Janob Do‘stbek! Hazrat momo! Qizishmangizlar!
«Tuhmat!» degan gap Qosimbekka juda og‘ir botdi. U Boburdan himoya istardi. Ammo
Bobur momosi bilan Do‘stbekni yanada asabiylashtirmaslik uchun Qosimbekni