www.ziyouz.com kutubxonasi
108
xushxabarlar bor?
Choshnagir ayol laganni kuyov-kelinning o‘rtasiga qo‘yib, kumush sovrini* ochdi. Oq
kiyikning go‘shtidan tayyorlangan toza kabobning hidi zira hidiga qo‘shilib atrofga
taraldi.
— Begim, siz ham ochilibgina o‘ltiring. Bunday baxtli yoshlik bir marta keladir. Zavqini
surib qoling, aylanay begim, bizga o‘xshab keksayganingizda eslab yurarsiz!
Choshnagir ayol kulib chiqib ketdi. Uning «zavqini surib qoling» degan so‘zlari Oyisha
begimdagi uyatchanlikni kamaytirish o‘rniga battar oshirgan edi. Bobur esa bir oz
dadillanib:
— Qani, begim, — dedi. Lagan ustiga qo‘l cho‘zdi-yu, lekin Oyisha begim kabobga qo‘l
uzatishini kutdi.
— Siz boshlang, — shivirladi kelinchak.
— Xo‘p, mana. Qani, endi, siz...
Shu tarzda bir oz kabob yeganlaridan keyin yana choyga o‘tdilar.
— Begim, shahringizni sog‘inganingiz yo‘qmi?
Oyisha begim endi Boburning yuziga botinibroq qaradi:
— Samarqandnimi?.. Sog‘indim.
— Agar nasib qilsa, yozda Samarqandga qaytursiz.
— Koshki edi... Biroq men... o‘zim keturmenmi?
— Yo‘q, Samarqand nasib bo‘lsa, bu yerdan hammamiz ko‘chib keturmiz.
— Ko‘chib?.. Andijon kimga qolur?
Bobur horg‘in tovush bilan:
— Hozircha Ahmad Tanbal bilan Jahongir mirzoga,— dedi.
Oyisha begim hech narsaga tushunolmay taajjublanib qoldi. Bobur Andijonni qayta
qo‘lga kiritguncha ozmuncha aziyat chekdimi? Endi nechuk Andijonni ixtiyoriy ravishda
tashlab ketmoqchi?
— Men Samarqandni sog‘ingan bo‘lsam ham, — dedi Oyisha begim, — lekin sizning ota
yurtingizda osuda yashashni afzal ko‘rurmen!
Oyisha begim boyagi uyatchanligini unutib, ochilib gapira boshlaganida Boburga uning
yuzi avvalgidan jozibaliroq ko‘rindi.
— Sizdan ham o‘tinamen, hazratim, — davom etdi Oyisha begim, — ko‘p azob
tortgansiz. Samarqand sizga jangsiz darvoza ochmas. Endi o‘zingizga rahm qiling.
Urushga bormang, o‘tinamen!
— Begim, bu yerdagi hozirgi ahvolimiz sizga ham munosib emas, menga ham.
— Nechun bunday dedingiz? Axir siz o‘z yurtingizda podshohsiz-ku.
Bobur kinoyali kulimsirab, bosh chayqadi:
— Hozir faqat nomim podshoh, — deb qo‘ynidan bir varaq buklangan qog‘oz oldi-da,
Oyisha begimga uzatdi.
So‘nggi oylarda Bobur ko‘ngil dardlarini qog‘ozga tushirishga ko‘p ehtiyoj sezar va
deyarli har kuni she’r mashq qilar edi. Bu qog‘ozda uning shu bugun yozgan bir qit’asi
bor edi. Oyisha begim qog‘ozni ochib, satrlarga ko‘z yugurtirdi:
Qolmadi hurmat ahli olamda,
Olamu olam ahlidan yuv ilik.
Boburo, ikki podshohlig‘din
Yaxshiroq bu zamonda bir beklik.
— Hazratim, she’ringiz muborak bo‘lsin!
— Qulluq. Endi mening dardimni tushungandirsiz?
— Tushundim. Siz Jahongir mirzoning Axsida ikkinchi podshoh bo‘lib olganidan dard
chekmoqdasiz. Ilgarigi yagona davlat ikkiga bo‘lingan...