www.ziyouz.com kutubxonasi
110
Hozir shu daqiqalarda Oyisha begim Boburning ko‘ziga olovli jozibaga to‘lib ko‘rindi.
O‘zining bu xobgohda uch-to‘rt kunda bir marta tunashi endi tushunib bo‘lmaydigan
anglashilmovchilikday tuyuldi. «Minba’d har kuni shu xobgohga kelurmen! — deb o‘zicha
ahd qildi. — Men Samarqandga ketsam, necha oy, necha haftalar ayriliqda o‘tgay.
Undan ko‘ra Andijonda murosayu qanoat bilan yashayversammikin?»
______________
* S o v r i — ovqat sovib qolmasligi uchun ustiga yopiladigan maxsus idish.
* * * Tong otdi. Kechasi Boburning rejalarini o‘zgartirmoqchi bo‘lgan sehrli tuyg‘ular ertalab
oftobdan qochgan yulduzday qayoqqadir yashirindi. Er-xotin nonushta qilib o‘tirganlarida
Ahmad Tanbal bilan Ali Do‘stbekning o‘rgimchak to‘rlari yana uning xayolini chirmab
oldi. Bobur kecha elchiga «Samarqandga albatta borurmiz», deb va’da bergan,
Qosimbek boshliq sodiq kishilar yangi yurish tayyorligini boshlab ham yuborishgan edi.
Bobur va’dasidan qaytishi mumkin emasligi ertalabki yorug‘likda aniqroq
ko‘rinayotganga o‘xshadi.
Oyisha begim undagi xomushlikni sezib, sukut saqlab o‘tiribdi. Bobur uning yuziga
botinib qaray olmay ko‘kragidagi oltin bargaklariga ko‘z tashladi:
— Begim, O‘ratepaga boradigan bo‘ldingizmi?
Boburning yana Samarqandga yurish qilishi qat’iy ekani uning gap ohangidan sezildi.
Oldindagi bir necha oylik hijron Oyisha begim uchun behad og‘ir edi. Bu og‘irlikni Bobur
unchalik sezmayotgani Oyisha begimga xuddi bemehrlik nishonasidek tuyuldi-yu, birdan
alamini keltirdi.
— Hazratim, avval Samarqand sizga muyassar bo‘lsin. Keyin borsam birato‘la shahrimga
borurmen. O‘ratepaga emas!
Boburning nazarida, Oyisha begim uning Samar-qandni qayta egallashiga ko‘p ham
ishonmayotganday ko‘rindi. Shuning uchun Bobur haramdan chiqib keta turib:
— Mayli, begim, — dedi sovuq ohangda: — Xudo xohlasa, shahringizda ko‘rishganda bu
gaplarni yana davom etkarurmiz.