www.ziyouz.com kutubxonasi
153
Mahmudxonning suyukli xotini Roziya Sulton singlisiga o‘zi turgan qasrdan joy berib, uni
eng yaxshi tabiblarga qaratgan va yaxshi parvarish qilib, oyoqqa turg‘izgan edi.
Bobur shuning hurmatini qilib, avval Roziya Sulton begim huzuriga kirdi. Oyisha
begimga qilgan parvarishlari uchun qaynegachisiga minnatdorchilik bildirdi-yu, endi
xotinini O‘ratepaga olib ketmoqchi ekanini aytdi. Laqabi «Qorako‘z begim» bo‘lgan o‘ttiz
yoshlardagi bu chiroyli juvon shahlo ko‘zlaridan uchqunlar sochib:
— Amirzodam, Oyisha begim sargardonlikdan to‘ygan, endi uni chekka joyga
yubormagaymiz! — dedi.
— Taqdirimizda bori shu bo‘lsa, nachora, hazrat begim?
— Meni ma’zur tuting, amirzodam, ammo har kimning taqdiri o‘z peshonasiga bitilur.
— Biroq... kemaga tushganning joni bir bo‘lmasmi?
— «Jonimiz bir» deb bechora singlimga shuncha azob berganlaringiz yetar. Ozib cho‘p
bo‘lib keldi. Endi sog‘ayganda yana sarsonlik, yana lomakonlik!
Bobur bugun mayda-chuyda behurmatliklarga bardosh berishni zimmasiga olib kelgan
bo‘lsa ham, lekin xonning boyagi kinoyalari ustiga qaynegachisining bu beandisha
gaplari qo‘shilib, jon-jonidan o‘tib ketdi.
— Hazrat begim, maqsadingizni ochiq ayting — endi singlingizni mendan ajratib
olmoqchimisiz?!
— Men undoq deganim yo‘q! Siz ham sargardonlikni bas qiling, amirzodam. Endi
Toshkentda muqim turing!
Bobur: «Sizga sig‘indi bo‘libmi?» degisi keldi-yu, lekin yana o‘zini bosib:
— Taklifingiz uchun tashakkur! — dedi va xayrlashib chiqib ketdi. O‘sha kuni oqshom u
Oyisha begim bilan yolg‘iz qolganda Roziya Sulton begimning gaplaridan norozi
bo‘lganini aytdi:
— To‘n ilig‘ini egasi bilur, deydilar. Roziya Sulton begim bizni o‘zimizchalik bilmasalar
kerak. Ko‘p aralashmasalar yaxshi bo‘lur edi.
— Ammo men egachimga hamma gapni aytib berganmen, Mirzam.
— Er-xotinning hech kimga aytmaydigan sirlari bo‘lmagaymi?
Oyisha begimning ilgarigi uyatchanliklari endi qayoqqadir yo‘qolgandi. U ham opasiga
o‘xshab, Boburga tik gapirdi:
— Mening egachimdan yashiradigan sirim yo‘q, Mirzam!
Bir vaqtlar Boburni ulug‘lab, «hazratim» deydigan Oyisha begim endi xonga o‘xshab,
balandroqdan kelib, «mirzam» deyishi ham g‘alati edi.
Bobur kinoya bilan so‘radi:
— Demak, endi sizga men kerak emasmen, faqat egachingiz kerak?
— Nechun unday deysiz? Men hali ham sizning nikohingizdamen!
— Unday bo‘lsa, men sizni bu yerdan olib keturmen. Safar tayyorgarligini ko‘ring!
Yo‘l azobiga chidami yo‘q Oyisha begim ozorlanib so‘radi:
— Yana O‘ratepagami? Men o‘sha yo‘llarni eslasam, ko‘nglim behuzur bo‘ladir. Hazratim,
mening jonimni yo‘l oldi! Samarqandga bejon bo‘lib bormasam edim, jigarporam o‘lmas
edi. Mana hozir bir yoshga kirib tetapoya bo‘lib yurib ketur edi!
Oyisha begim go‘dak o‘lgan qizalog‘ini eslab, ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi. O‘shandagi
o‘limning sovuq nafasi Boburning ham yuziga tegib o‘tganday eti uvushdi.
— Ajalga davo yo‘q ekan, begim. Lekin undan berida bir boshga necha qayta oftob
tegib, necha marta kulfat tushar ekan. Yosh bo‘lsak ham buni ko‘p ko‘rdik. O‘lmasak,
hali yana yorug‘ kunlarga yetishurmiz, farzandlik ham bo‘lurmiz. Shu mushkul damlarda
bir-birimizni tark etmaylik. Men bilan birga yuring.
— Birga yurgan paytlarimda siz menga qaradingizmi, Mirzam? Hamisha saltanat
tashvishiyu urush-yurishlar... Men sizni deb shuncha sargardon bo‘ldim. Siz meni oylar