www.ziyouz.com kutubxonasi
163
xanjarning sopiga bordi.
Lekin uning oyoqlari yalang edi. Itlar eng avval uning oyog‘idan oladiganday ko‘rindi.
Shu payt u o‘zining yalang oyoq yurganidan qattiq pushaymon bo‘ldi.
— Nega indamaysen? — dedi cho‘pon yana tahdid bilan.
Bobur o‘zini iloji boricha vazmin tutib:
— Ne deyin? Gapimga ishonmasang! — dedi.
Cho‘pon itlariga o‘girilib:
— To‘rtko‘z, Bo‘ynoq, yotinglar! — dedi. So‘ng yana Boburga yuzlandi: — Xo‘sh, gaping
chin bo‘lsa, mening otamni Boburning o‘zi emas, Tanbal degan beki o‘ldirgan.
Shundaymi?
— Shundoq.
— O‘sha bekka kim farmon bergan? Boburmi?
— Bobur bunday bo‘lishini bilmagan... Yoshlik qilgan!
— Yana poshshoyingning tarafini olasan-a! Agar men hozir mana bu itlarimga «ol»! —
desam, seni tilka-pora qilib tashlagay. Shunda faqat itlar aybdor bo‘lgaymi? Bularni
olqishlaganim uchun men gunohkor bo‘lmasmenmi?
Bobur cho‘ponning bu gapiga e’tiroz qilib bo‘lmasligini sezdi-yu, boshini quyi soldi:
— Balki sen haqlidirsen...
— Kimsen o‘zing? Ayt rostini!
Cho‘ponning ovozidagi tahdidni sezishib, itlar yana irillashdi. Bobur qo‘rqqanini sezsa,
itlar unga tashlanadiganga o‘xshardi. U bor kuchini go‘yo ko‘zlariga yig‘ib, cho‘ponga tik
qaradi-yu, dadil turib:
— Men Boburmen! — dedi.
Cho‘pon quloqlariga ishonmay, uning yalang oyoqlariga yana bir qaradi:
— Nahotki podshoh Bobur sen bo‘lsang?!
— Ha, men podshoh edim!
— Hozir-chi?
— Hozir... toju taxt da’vosidan voz kechdim. Endi faqat shoirona hayot
kechirmoqchimen.
— Shoshma, shoshma!
Oqsuv bo‘yida bo‘lgan kechagi to‘yda cho‘pon ham bor edi. U xushovoz yosh hofizning
Bobur g‘azali bilan aytgan ashulasini tinglab g‘alati bo‘lib ketgan edi. Ashula oxirida:
Bobur, o‘zungni o‘rgata ko‘r yorsizki, men
Istab jahonni, muncha qilib yor topmadim! —
degan satrlar uning esida qolgan edi.
Hozir Bobur bir o‘zi tog‘u toshda yolg‘iz yurgani ham uning o‘sha baytini tasdiqlagan
ko‘rindi-yu, cho‘pon itlariga qarab:
— Yot! Bo‘ynoq, yot! — deb buyurdi. Itlar tinchlangach, yana Boburga ko‘z tikib so‘radi:
— Shoirliging rost bo‘lsa, shu yerda yozgan she’rlaringdan birini ayt-chi?
Bobur yerga qarab o‘ylanib oldi-da, boshini ko‘tardi.
— Eshit:
Ne xesh meni xushlaru ne begona, Ne g‘ayr rizo mendinu ne jonona. Har nechaki yaxshilikda qilsam afsun, Xalq ichra yomonlik bilan men afsona. Ichki tug‘yon bilan o‘rtanib aytilgan bu satrlarning tafti cho‘ponning birdan yaltirab