www.ziyouz.com kutubxonasi
186
Istab jahonni, muncha qilib yor topmadim! — Mardona so‘zlar! — dedi Behzod Boburga qarab.— Siz ming marta haqsiz! Odam
o‘ziga ham ishonmog‘i kerak!
— Minnatdormen, mavlono.
Shoir Sulton Muhammadga ikkinchi she’rning matlai yoqqan edi.
— Eshiting, janoblar:
Sendek menga bir yori jafokor topilmas, Mendek senga bir zori vafodor topilmas. Mavlono Fazliddin og‘ir tin oldi:
— Hozirgina so‘zlashgan dardimizni aytmishlar!
Bobur maqtovlardan xiyol o‘ng‘aysizlanib:
— Janoblar, — dedi, — men sizlardek san’atkorlar bilan uchrashib, suhbatlashganim
uchun tangriga shukr qilamen. Faqirning qog‘ozni qoralab yozgan satrlarim mavlono
Mashhadiyning tengsiz san’atlari tufayli sizlarga shunchalik manzur bo‘ldi. Joiz bo‘lsa,
g‘azallardan xotira uchun mavlonolarga bir nusxadan bermoqchimen.
— Ayni muddao! — dedi Xondamir quvonib.
Bobur g‘azallaridan ataylab uch-to‘rt nusxadan ko‘chirtirgan edi. Xondamirga, Behzodga,
Sulton Muhammadga o‘zlari yoqtirgan g‘azallardan bir nusxadan berdi. Ular shoir va
xattotning hurmatlari uchun g‘azal bitilgan zarvaraqlarni olib, non kabi ko‘zlariga surtib
qabul qildilar. Bobur so‘nggi g‘azaldan bir nusxasini mavlono Fazliddinga uzatib:
— Mavlono, biz siz bilan faqat vatandosh emasmiz, hamdardu hasratdoshmiz, — dedi.
Mavlono Fazliddin g‘azalni olib ko‘ziga surtdi-yu:
— Men aminmen, Hirotda bitilgan ushbu g‘azal tez kunda Samarqandu Andijonga ham
yetib borur, — dedi.— Xudo amirzodam bilan bizni ham vatanga sog‘-salomat qaytgulik
qilsin!
— Aytganingiz kelsin, mavlono!
Bobur Qosimbekni chaqirtirdi va Sulton Ali Mash-hadiyga g‘azallarni san’atkorona
ko‘chirganligi uchun oltin tugmalik kimxob to‘n kiydirdi.
So‘ng u mavlonolarni hovliga kuzatib chiqdi. Hammalari xayrlashayotganlarida
me’morga qarab:
— Balki kelgusi yilda Kobulga borursiz, mavlono? — dedi. — Rost, katta me’morlik
obidalari qurishga hali imkonimiz yo‘q. Kobul hozir Hirotga nisbatan chekka bir viloyat.
Ulug‘ san’atkorlarga makon bo‘larlik saroyimiz yo‘q. Lekin xudodan umidimiz borki,
kelgusida tole bizga ham kulib boqqay, biz ham ulug‘ san’atkorlarga makon beradigan
kunlarga yetgaymiz!
— Taklifingizni bajonidil qabul qilurmen! — dedi mavlono Fazliddin.
— Amirzodam, — dedi Xondamir. — Alisher Navoiyning dargohlarida qilgan pokiza
niyatingiz ilohim ro‘yobga chiqsin! Ilohim hazrat Alisherning ruhlari hamisha sizga
madadkor bo‘lsin!
Bu tilakka hammalari sidqidildan qo‘shilib, yuzlariga fotiha tortdilar.
______________
* R e v u r a n g — shumlik, o‘z ishiga puxtalik.