Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
www.ziyouz.com kutubxonasi
189
kabi, Hirot sababli Kobuldan ham ajralib, yana ora yo‘lda muallaq qolishi mumkin.
Bu xatarning oldini olish uchun Bobur Kobulga tezroq yetib borish harakatiga tushdi.
Aksiga olib, qish erta boshlandi. Qavs oyidayoq tog‘ etaklariga yoqqan qalin qor
otlarning tizzasiga yetib bordi. Chaxcharon degan joyda
Bobur beklarni mashvaratga
to‘pladi.
— Dovonlar bekilgandir, — dedi Xo‘ja Kalonbek.— Qandahor orqali borsak, yo‘l tekis.
Hindikushni aylanib o‘tgaymiz.
— Aylanib o‘tganingizgacha qirq-ellik kun vaqt ketgay! — e’tiroz qildi Qosimbek. —
Ungacha mo‘g‘ullar Kobul qo‘rg‘onini egallab olsa, keyin ne qilgaymiz?
— Xudo ko‘rsatmasin! — dedi Bobur. — Ilohim bu mishmish yolg‘on chiqsin!
— Ammo shamol bo‘lmasa terakning uchi qimirlamagay, amirzodam!
Kobulga tezroq
yetib bormog‘imiz shart! To‘g‘ridagi Ko‘tali Zarrindan oshsak Qandahor yo‘liga nisbatan
masofa ikki barobar qisqargay. Bir oy vaqt yutgaymiz!
— Unday bo‘lsa, mayli, janob Qosimbekning taklifini qabul qilaylik. Faqat dovon yo‘lini
yaxshi biladigan yo‘lboshchi topish kerak.
— Bunisi menga tan! — dedi Qosimbek.
Ertasi kuni yana qor yog‘a boshladi. Bobur qo‘riqchi yigitlari bilan otlanib chiqayotganda
Qosimbek af-g‘onlarning pashoyi qabilasi yashaydigan qishloqdan Sulton degan bir yo‘l
ko‘rsatuvchini topib keldi.
Olachipor salla o‘ragan, baland bo‘yli, burni uzun, jingalak soqoliga oq oralagan bu
odamning yuzi Boburga allanechuk tund ko‘rindi. Bobur u bilan ot
ustida turib dariy tilida
so‘zlashdi:
— Qishda Ko‘tali Zarrindan o‘tish mumkinmi yo‘qmi?
— O‘tganlar bor, — dedi Sulton. — Ammo bu yil qor juda ko‘p. Ko‘chki bosib qolishidan
qo‘rqmasangiz...
— Siz qo‘rqmasangiz biz nechun qo‘rqaylik?..
— Men qishda o‘tsam, bir o‘limni zimmamga olib o‘taman. Ketishda uydagilardan rozi-
rizolik so‘rab yo‘lga chiqaman. Qaytib kelmasligim mumkin.
Bobur Qosimbek tomonga o‘girilib turkiy tilda so‘radi:
— Nafasi muncha sovuq? Boshqasi yo‘qmidi?
— Boshqalari unamadi. «Dovon bekilgan, jon kerak!» deyishdi.
— Bizga jon kerak emasmi?
— E, bular shunaqa vahima qilib, qadrini oshirgay! Mana shu Sulton qishda ham Ko‘tali
Zarrindan o‘tgan ekan. Kadxudosi aytdi!
Sulton pashoyi soqoliga ingan qor zarralarini kafti
bilan sidirib tashlar ekan, istehzoli
kulimsirab qo‘ydi. Bobur uning turkiychani tushunishini sezdi, ammo is-tehzosini
yoqtirmadi. Sultonning dilida ortiqcha g‘ururmi, kuduratmi, sovuq
bir narsa bordek
tuyuldi.
— Janob Qosimbek, odamlarimizni ortiqcha xatarlarga giriftor qilmaylik. Hali ham bo‘lsa
Qandahor yo‘liga qaytaylik!
— Ammo vaqtni boy bersak, Kobul ilikdan ketgay, amirzodam! Siz bilan biz qancha
xatarli dovonlardan oshganmiz! Hisor tog‘laridan qor bo‘ronlari
tagida dahshatli
uchmalar, sekirtmalardan o‘tib, Iskandarko‘l-ga tushganimiz yodingizdami? Xudo
asraymen desa, hech gap emas!
— Xayr, bu gal ham xudo o‘zi asrasin! — deb Bobur Sultonning yo‘l ko‘rsatuvchi
bo‘lishiga rozilik berdi.
Sulton uyiga borib, chindan ham onasidan, xotini va bo‘y yetgan farzandlaridan rozi-
rizolik so‘rab chiqdi. Uning o‘ziga to‘q, badavlat oilasi bor, sayisxonasidagi
sakkizta otiga
maxsus otboqar qaraydi. Bu gal qishda yo‘l ko‘rsatuvchi bo‘lishdan maqsadi faqat pul