www.ziyouz.com kutubxonasi
278
— Bunga mening ishonchim komil. Shuning uchun bu noyob olmosni men faqat senga
munosib ko‘rurmen. Ol!
Humoyun endi o‘rnidan sakrab turdi-yu, sadaf qutichani ta’zim bilan otasining qo‘lidan
olib, ko‘ziga surdi. Boburning boyagi behalovatligi va tushkun kayfiyati endi tarqab
ketgan, ko‘nglida yana yaxshi istiqbolga ishonch tuyg‘usi mavj urar edi. U Humoyunga:
— O‘tir, — dedi-da, qarsak chalib savdarboshini chaqirdi: — Hindubekni chorlang. Xo‘ja
Xalifa bilan birga kirsin.
Chaqirilganlar kelguncha Bobur Humoyunga Agradagi ahvol to‘g‘risida gapirib berdi:
— Qo‘rg‘onni Ibrohimning onasi, o‘g‘li, Malikdod Koroniy otliq vaziri mingdan ortiq xos
askarlari bilan berkitib olmishlar. «So‘nggi odamimiz qolguncha jang qilurmiz» deb ahd
qilmishlar. Bu ahdni bizning qo‘shin bir hamla bilan ko‘kka sovurmog‘i mumkin. Ammo
yana xunrezlik bo‘lur, shahar buzilib, bizga kerakli qancha odamlar hayf ketur!
Xo‘ja Xalifa va Hindubek tolorga ta’zim qilib kirishdi. Bobur ularni qarshisiga o‘tqazgach:
— Sizlar Agraga bizdan elchi bo‘lib bormoqlaringiz kerak, — dedi. — Maqsad —
qo‘rg‘onni jangsiz olish. Molu jonlari omon qolsin. Ibrohimning onasi Jamna bo‘yidan
pargana* so‘ragan emish. Mayli, beraylik, Ibrohimning o‘g‘li arabcha-forscha o‘rgangan
ilmlik o‘spirin emish, uni saroydagi obro‘li mulozimlarim qatoriga qo‘shay. Malikdod
Koroniyni tadbirkor vazir deb eshitdim. Uni Hindiston muammolari bo‘yicha o‘zimga
maslahatgo‘y qilib xizmatga olay. Borib, yaxshilab so‘zlashing. Yana qanday ma’qul
tilaklari bo‘lsa qabul qilaylik. Xullas, qirg‘in bo‘lmasin, beva-bechora ko‘paymasin, deb
shu yo‘lni tutmoqdamiz... Ya’ni, sizlarning vazifalaringiz — qal’a olish emas, balki
qal’adagilarning ko‘nglini olishdir!
Og‘ir janglarning oldingi safida qon kechib yurgan Humoyun bilan Hindubek Boburning
bu tadbiridan yengil tortishib, bir-birlariga mamnun qarab olishdi.
__________________
* M u q a y y i m — javohirshunos zargar.
* K o‘ h i n u r — «nur tog‘i» demakdir. O‘sha zamonda bu olmos— odamzod topgan olmoslarning eng ulkani bo‘lgan. Olimlar Ko‘hinur
olmosining 1304 yildan beri borligini aniqlaganlar. Hozir bu olmos Londonda saqlanadi.
* P a r g a n a — kichikroq viloyat.